“Qoʻsha qarish saodati” dasturi doirasida tadbir oʻtkazildi
Joriy yil oktyabr oyining birinchi haftasida butun mamalakatimiz boʻylab “Keksalar haftaligi” doirasida nuroniy otaxon va onaxonlarni jalb etgan holda turli dastur va loyihalar asosida bir-biridan ajoyib tadbirlar tashkil etildi.
Haftalik doirasida Amudaryo tumani Jumur ovul mahallasida ham tadbir boʻlib oʻtdi. Jumur ovul mahallasida yashovchi Iskandarovlar xonadonida Fayzulla ota va turmush oʻrtogʻi Tojihol momo Iskandarovalarning turmush qurganliklariga 70-yil toʻlishi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Otaxon va onaxon 70-yil birga yashab, qoʻsha qarish baxtiga erishgan namunali oila sohib va sohibalaridir. Tadbirda ularning barcha yaqinlari, farzandlari, nevara, evaralari, qarindosh-urugʻlari, doʻst-birodarlari, mahalladoshlari ishtirok etdilar.
Fayzulla ota Iskandarov 1929-yilda tugʻilgan boʻlib, urush yillarida Vatan oldida farzandlik burchini ado etib, oʻzgalarga oʻrnak boʻlgan front orti mehnat faxriysi hisoblanadi. Turmush oʻrtogʻi Tojihol momo 1930-yilda tugʻilgan, urush yilllari hayot qiyinchiliklarini otaxon bilan birgalikda boshdan kechirib kelgan hamda turmushning past-u balandliklarini birga yengib oʻtgan. Ular besh nafar farzandni dunyoga keltirib, jamiyatda oʻz oʻrni va mavqeyiga ega komil insonlar sifatida voyaga yetkazishgan. Ayni paytda ular farzandlar, nevaralar, evaralar baxt-u kamolini koʻrib, ularning quvonchlariga sherik boʻlib, birgalikda keksalik gashtini surmoqdalar.
Kichik farzandi Turdiboy aka Iskandarov hamda kelini Gulbahor opa Matmuratovalar otaxon va onaxon bilan birgalikda istiqomat qilishmoqda hamda ularga gʻamxoʻrlik qilishmoqda. Fayzulla ota va Tojihol momo 18 nafar nevara, 13 nafar evaralar tarbiyasida farzadlariga koʻmakdosh, maslahatdosh boʻlib, oʻzlarining hayotiy tarjibalarini boʻlishmoqdalar.
Ushbu tabarruk oila ahil va inoqligi, bir-birlariga yaxshi-yomon kunlarda yelkadosh va tirgak boʻla olganliklari, hamisha bir-birlarini qoʻllab-quvvatlab kelishlari bilan jamiyatda, mahalladoshlari orasida oʻz oʻrni, obroʻsi hamda hurmat-eʼtoboriga ega.
Otaxon va onaxonni qutlash maqsadida tadbirga tashrif buyurgan tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi oʻrinbosari Bekmon Allaberganov hamda kengash aʼzosi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Xonimjon Rajabovalar soʻzga chiqib, Fayzulla ota hamda Tojihol momolarni samimiy muborakbod etdilar hamda ularga uzoq-umr, sihat-salomatlik tiladilar. Tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu oilanining yashash tarzi, hayotiy tajribalari bilan hozirgi yosh oilalarga munosib oʻrnak boʻlishini alohida taʼkidladilar.
Tantanali tadbirga yigʻilgan mehmonlar ham bayram sababchilarining xursandchiliklariga sherik boʻlib, ularni muborakbod etdilar hamda eng ezgu tilaklarni bildirdilar.
Elimizdagi yoshi ulugʻlar yangi oila qurayotgan yoshlarga “qoʻsha qarish baxti nasib qilsin” deya duo qilishadi. Nuroniy otaxon va onaxonimizdan ana shunday duolarni olish, ulardan oʻrnak olish maqsadida tadbirda mehmon boʻlayotgan hududdagi yosh oilalardan Yusupovlar, Kamolovlar, Ibodullayevlar oilalarida Fayzulla ota va Tojihol momoning qoʻsha qarish saodatiga yetishganliklari katta havas uygʻotdi. Yosh oilalar Iskandarovlar oilasining mustahkamligi, ularning uzoq umr va toʻkin hayot kechirishlarini tiladilar hamda otaxon va onaxondan duo oldilar.
Tadbir mobaynida tumanimiz faollari hududda istiqomat qiluvchi, hozirda 95 yoshni qarshilayotgan otaxon Bekchon bobo Eshchanov xonadonida hamda 93 yoshli nuroniy onaxon Bika momo Rahimovalar xonadonida mehmon boʻlib, ularning holidan xabar oldilar. Yoshi ulugʻlarni haftalik bayrami munosabati bilan tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.
Mamalaktimizda azaldan yoshi ulugʻ hamyurtlarimizga hurmat va eʼtibor koʻrsatish, ularning ogʻirini yengil qilish, salomatligi haqida qaygʻurishga oid ezgu ishlarga katta eʼtibor qaratib kelingan. "Keksalar haftaligi" maʼrifiy-ijtimoiy haftaligi doirasida bu boradagi amaliy ishlar yanada kengaydi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶