Fan oyligi doirasida “Qadring baland boʻlsin ona tilim!” tadbiri boʻlib oʻtdi
Butun mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarida oktyabr – filologiya fanlari oyligi doirasida jahon va mumtoz adabiyotining zabardast yozuvchilari, shoirlari hamda zamonaviy adabiyot namoyondalarining hayoti va ijodiga bagʻishlangan adabiy-musiqiy kechalar, ochiq darslar, filologiya fanlari oʻqituvchilarining maktablararo tajriba almashuvlari, oʻquvchilar oʻrtasida zakovat bahslari oʻtkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlar 65-sonli maktabda ham yuksak saviyada tashkil etilib, unda 5-sinfdan 11-sinfgacha barcha oʻquvchi-yoshlar qamrab olinib, ochiq darslar, zakovat bahslari orqali ularning bilimlari sinovdan oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning 9-oktyabr kuni maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari Anora Kazakova, Adolat Erboyevalar fan oyligi doirasida hamkorlikda tashkillashtirgan “Qadring baland boʻlsin ona tilim!” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda maktab sahnasi mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning nodir namunalari bilan bezatildi.
Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat, Muqimiy, Mashrab, Nodirabegim, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Said Ahmad. Oʻtkir Hoshimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi oʻzbek xalqining sevimli shoir va adiblari hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi koʻrgazmali vositalar bilan bezatildi. Oʻquvchilar oʻzbek mumtoz va hozirgi zamon adabiyoti durdonalaridan oʻqib berdilar.
Shuningdek, fan oyligi doirasida biri-biridan mazmunli ochiq darslar tashkil etildi. Tajribali oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Anora Kazakova tomonidan 8-sinflarda Mir Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan ochiq dars tashkil etildi. Ochiq darsda hududdagi 11-, 18-, 24-, 47-sonli umumtaʼlim maktablarining yosh ijodkor-oʻqituvchilari ham ishtirok qildilar va darsning borishini kuzatishib, oʻzaro tajriba almashdilar.
Dars jarayonida oʻqituvchi buyuk mutafakkir yozuvchi, shoir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning asrlar osha dunyo xalqlari qalbida hayrat va havas uygʻotib, hamon sevib oʻqilayotgan oʻlmas asarlari mazmun-mohiyatini oʻquvchilarga qiziqarli tarzda yetkazdi. Dars mazmunidan kelib chiqib, oʻquvchilar oʻz taassurotlarini jonli tarzda ifoda etishdi. Yaʼni, shoh Husayn Boyqaro va Navoiy monologini taʼsirli ijro qilib berib, sinfning oʻzida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy doʻstligini tarannum etuvchi sahna koʻrinishni namoyish qildilar.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32-yil toʻlishi munosabati bilan “Qadring baland boʻlsin ona tilim!” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va A.Navoiy ijodiy faoliyatini oʻzida mujassam etgan namunali ochiq dars ishtirokchilari boʻlgan 11-, 18-, 24-, 47-sonli umumtaʼlim maktablarining ijodkor-oʻqituvchilarida katta taassurot qoldirdi. Yosh ijodkor-oʻqituvchilar oʻtkazilgan ochiq darsning tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirishib, oʻzaro tajriba almashdilar.
Fiologiya fanlari oyligi doirasida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va namunali ochiq dars oʻquvchi-yoshlar qalbida maʼnaviy qadriyatlarga hurmat va ehtirom, ona tilimizga va adabiyotga mehr-muhabbat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶