YoSh OʻQITUVChINING KATTA YuTUQLARI
Inson oʻz hayoti davomida hamisha ezgu orzular ogʻushida yashaydi, ana shu orzular manziliga yetmoq uchun intiladi, izlanadi, gohida mashaqqatlar chekadi, sinovlarda toblanadi. Hayot sinovlari, mashaqqatlarini iroda kuchi bilan yengib oʻtish esa hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Agar taʼbir joiz boʻlsa, Sherzod Ashirov yosh boʻlsa-da, oʻzini hayotning ana shunday sinovlariga shaylagan, mehnat qilishdan, oʻqib-izlanishdan aslo charchamaydigan, hatto mehnatsiz oʻtgan kunini umr hisobiga qoʻshmaydigan bilimdon va mahoratli oʻqituvchilardan.
Sherzod juda yoshligidan, hali tengqurlari koʻcha changitib, kun boʻyi oʻyin bilan mashgʻul boʻlib yurishganida kitobga, oʻqishga ixlos qoʻydi. Aqlni charxlovchi shaxmat oʻyinida oilada chempion, maktabda hammadan birinchi edi. Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi Amudaryo akademik litseyini aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha tugatgan Sherzod Ashirov hech ikkilanmay hujjatlarini Qoraqalpoq davlat Universitetining matematika fakultetiga topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan Sherzodjon toʻrt yil davomida mamematika fanini chuqur oʻzlashtirdi.
Oʻqish jarayonida oʻzining innovatsion loyihalari, teran fikri bilan ustozlari eʼtiborini qozondi. Universitet magistraturasida qolish taklifini bildirishganida esa ustozlariga oʻzi tugʻilib-oʻsgan tumanda ishlash, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi sohasiga munosib hissa qoʻshish istagini bildirdi.
Universitetni tugatgan 2017-yildanoq ilk mehnat faoliyatini boshlagan Sherzod Ashirov oʻzi mehnat qilayotgan 16-sonli ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi pedagogika jamoasining ishonchiga sazovor boʻldi.
Taʼlim sohasidagi ijobiy oʻzgarishlarni oʻz faoliyatiga tatbiq etishni rejalashtirgan yosh pedagog 2017-2018 oʻquv yilining ikkinchi yarmidan tumandagi 40-sonli umumtaʼlim maktabida matematika fani oʻqituvchisi sifatida faoliyatini davom ettirdi. Oʻtgan qisqa fursat ichida oʻz shaxsiy fikriga, mutaxassisligi boʻyicha yuqori bilim va malakaga ega Sherzod Ashirov maktabda matematika fanini oʻqitish boʻyicha yetakchi mutaxassisga aylandi.
2017-2021-yillar davomida maktab bitiruvchilari orasida aniq fanlar boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichlari oshdi. Xususan, 2017-2018 oʻquv yilida Sherzod Ashirov tahsilini olgan bitiruvchilardan 14 nafari, 2018-yilda 27 nafari, 2019-yilda 36 nafar, 2020-yilda 48 nafar, 2021-yilda esa uning rahbarligidagi variativ sinfi bitiruvchilaridan 58 nafari oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻlishdi.
Oʻquvchilari 2017 va 2020-yillar oraligʻida “Bilimlar bellashuvi” va fanlar olimpiadasining tuman hamda respublika bosqichlari gʻolibligini qoʻlga kiritishdi. Sherzod Ashirovning oʻzi esa “Yil oʻqituvchisi – 2018” koʻrik-tanlovida tumanda 1-oʻrin, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida 2-oʻrin sohibi boʻldi.
2019-yildan esa Sherzod Ashirov Respublika va tuman miqyosida “Xalqaro baholash dasturlari”ni oʻrgatuvchi TESTOLOG va TRENER oʻqituvchi, sifatida ham faoliyat olib bormoqda. shuningdek, 2020-yilda oʻtkazilgan “Matematikadan oʻqituvchilar olimpiadasi”da Qoraqalpogʻiston Respublikasida 4-oʻrinni egallab, Respublika bosqichiga yoʻllanma oldi.
- Koʻpchilik ota-onalar farzandlarini repetitorlik oʻquv markazlariga olib borishadi, - deydi Sherzod variativ sinfda dars oʻtish uslubi haqida soʻzlarkan. – Agar farzandim yaxshi bilim olsin, deyishsa, oʻquvchiga variativ oʻquv yoʻnalishi eng yaxshi tanlov. Chunki oʻquvchi variativ sinfda erkin, oʻzi xohlagan fanini qiziqib oʻrganadi va tez oʻzlashtiradi. Qolaversa, oʻzi taʼlim olayotgan maktabda, qadrdon sinfdoshlari davrasida taʼlim oladi, vaqtdan yutqazmaydi.
Yangi 2021-2022 oʻquv yilini koʻtarinki kayfiyatda boshlagan yosh oʻqituvchi oʻz yutuqlari va tajribalari bilan koʻplarga namuna, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test Markazining umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikatiga ega Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi yagona matematika fani oʻqituvchisi. Variativ oʻquv rejasi asosida dars oʻtish boʻyicha 1-toifaga ega Sherzod Ashirov ushbu sertifikat sohibi sifatida 2021-2022 oʻquv yilidan 100 foiz ustama olish huquqini qoʻlga kiritdi.
Endigina 27 yoshga qadam qoʻygan Sherzod Ashirov oilada mehr-oqibatli farzand, oilaparvar umr yoʻldoshi, Mustafo ismli shirintoy oʻgʻilning sevimli dadasi. Rafiqasi Inobat Arslonova ham matematika va informatika fani oʻqituvchisi. U ham 40-sonli maktabda oʻquvchi-yoshlarga taʼlim-tarbiya berishdek sharafli ishda Sherzodga yelkadosh va fikrdosh.
Sherzod Ashirovni oʻz sohasida erishayotgan havasga munosib yutuqlari hamda 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan tabriklaymiz. Yuksak iqtidor sohibi boʻlgan bu yosh oʻqituvchiga gʻayrat va shijoat tilaymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶