PREZIDENT EʼTIBORI VA EʼTIROFIDAN MAMNUNMIZ
Mamlakatimizda keksa avlod vakillariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat, ularning koʻngilli dam olishlari, har bir kunini osuda, tinch va xotirjamlikda oʻtkazishlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni, toʻgʻrisi, umrim bino boʻlib koʻrmaganman. Nafaqat yoshligimizda, balki 50-60 yoshga kirganimizda ham bir shior boʻlardi: “7 yoshdan 70 yoshgacha hamma dalaga!” – degan. Dalada nima qilardik?
Paxta ikki quloq boʻlib unib chiqqanidan to kech kuzgacha “koʻngilli hasharchi” boʻlar edik-da! Farzandlari, nevaralari bilan ana shu daladan beri kelmagan oʻsha 50-60-70 yoshli keksalarning koʻpi bugun oramizda yoʻq. Qiyinchiliklarni koʻraverib, yelkalari yagʻir boʻlgan bu insonlarning ayrimlari ayni paytda ulugʻ yoshga yetishgan. Allohga ming-ming shukurki, bugungi keksalar davlatimizning mehr-ardogʻida. Albatta, bu kabi eʼtibor va aʼzozga sazovor nuroniylarimiz hayot qiyinchiliklarini kuch-quvvatlari, yoshlik shijoati tinimsiz mehnatlari, sabr-matonatlari bilan yengib, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissalarini qoʻshdilar.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyularida bu haqda alohida toʻxtalib: “Nuroniylar oʻzlari qiynalib boʻlsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga yetkazganlari – bu hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan ulkan jasorat va qahramonlikdir”, - deya alohida eʼtirof etganlari qalbimizga quvonch bagʻishladi. Axir oʻzingni ayamay tun-u kun mehnat qilsang-u, senga maʼnaviy rahbat boʻlmasa, bundan yomoni yoʻq.
Prezidentimiz biz nuroniylarga turli koʻrinishlarda gʻamxoʻrlik va maʼnaviy ragʻbat koʻrsatish bilan birga, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalashda nuroniylarning yanada faol ishtirok etishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, xalqimizni rozi qilish eng ulugʻ maqsad ekanligini qayta-qayta taʼkidladilar. Prezidentimizning bu fikrlari bizni xalqimiz bilan bir safda, bir maqsad yoʻlida birlashgan holda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek faollik koʻrsatishga undayveradi.
Bekman Allaberganov, nuroniylar faoli

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶