MILLIY GVARDIYa QOʻRIQLASh BOʻLIMI TOMONIDAN 128 TA OBʼEKT, 27 TA XONADON QOʻRIQLANMOQDA
Joriy yil 20-fevral kuni “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash bosh boshqarmasini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrsida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Unga koʻra Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati Milliy gvardiya Qoʻriqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi. Boshqarma mustaqil tarkibiy boʻlinma sifatida oʻz vakolatlari doirasida qoʻriqlash xizmatlari uchun tushadigan mablagʻlar hisobiga, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash tamoyili asosida faoliyatini amalga oshiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻriqlash boshqarmasi Amudaryo tumani Qoʻriqlash boʻlimi shaxsiy tarkibida 57 nafar fuqaro xizmat qiladi. Xizmat vazifasini amalga oshirishda 4 ta xizmat mashinasidan foydalaniladi. Boʻlim xodimlari tomonidan tuman hududida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, Qoʻriqlash boshqarmasiga davlat obʼektlari, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obʼektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlashni tashkil etish, shuningdek, davlat qoʻriqlash tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish yuklatilgan. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek, byudjet tashkilotlari oʻz obʼektlarida ruxsat berish rejimini va mol-mulklarini qoʻriqlashni taʼminlashda — shartnoma asosida faqat Milliy gvardiyaning xizmatidan foydalanadi.
Tuman Qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markazi tomonidan shu kunga qadar 128 ta obʼekt, 27 ta xonadon qoʻriqlash signalizatsiyasi vositasi «Pritok-A» tizimi orqali shartnoma asosida qoʻriqlanib kelinmoqda.
Integrallashgan maʼlumotni uzatuvchi «Pritok-A» qurilmasi koʻp funktsiyali boʻlib, simli va shisha tolali aloqa tarmoqlarida ishlaydi. Qoʻriqlash xizmatiga zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi obʼektlarni integrallashtirilgan qoʻriqlash-yongʻin signalizatsiyasi vositalari hamda videokuzatuv moslamalari orqali qoʻriqlash, inson hayoti va sogʻligʻining xavfsizligini taʼminlash kabi imkoniyatlarni yaratmoqda. Eʼtiborlisi, telefon aloqasi mavjud boʻlmagan joylarda uyali aloqa kanallari orqali qoʻriqlashni amalga oshirish qurilmasini modernizatsiyalash uchun talab etiladigan uskunalar, yaʼni sim kartali chiplar oʻrnatilmoqda.
Ushbu xizmat turiga fuqarolarning qiziqishi ortayotganini inobatga olib, qoʻriqlash tartibi takomillashtirilmoqda. Xonadonga signalizatsiya tizimi oʻrnatilgach, u texnik qoʻriqlash punktiga ulanadi. Punktda esa ratsiya, avtomashina, shaxsiy himoya vositalariga ega boʻlgan maxsus guruh navbatchilik qiladi. Ular “tashvish” xabari tushgan xonadonga 3-5 daqiqada yetib borib, muammoni zudlik bilan bartaraf etishadi.
Qoʻriqdagi obʼektlar sonini koʻpaytirish, fuqarolar xavfsizligi va tinchligini taʼminlash maqsadida boʻlim xodimlari tomonidan targʻibot va tashviqot tadbirlari tashkil etilib kelinmoqda. Undan tashqari, tungi vaqtlarda bemaqsad yurgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, ularda aniqlangan insonlarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan oʻtkir kesuvchi buyumlarni zararsizlantirish choralari koʻrilmoqda. Shuningdek, ommaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etib, aholi gavjum joylarda jamoat tartibini saqlash, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin talablariga rioya etilishni taʼminlashda huquq-tartibot organlariga koʻmaklashib, jonbozlik koʻrsatishmoqda.
Elyor Yusupov, tuman Qoʻriqlash boʻlimi guruh komandiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶