HOZIRGI YoShLAR
Qari tolga suyab, irgʻay asoni
Oqsoqol soʻriga asta yonboshlar.
Xayoldan oʻtkazib kori dunyoni:
“Eh, hozirgi yoshlar, hozirgi yoshlar...”
Erkin Vohidov.
Atrofga boqaman, oʻzgarishlar koʻp,
Koʻngil quvonguday evrilishlar koʻp.
Oʻsmirgina bolam dunyo kezar xoʻp,
Vatan osmonida yongan Quyoshlar –
Sizga havasim bor, hozirgi yoshlar!
Aso tutganim yoʻq, balki ertadir,
Jidd-u jahdim baland, havas ortadir.
Har kun bir moʻʼjiza, bir ezgu tadbir,
Gʻoyalar yangidir, yangi qarashlar –
Ilm-u ahdi baland hozirgi yoshlar!
Erkin ustozga ming uzrimni ayta,
Xayoldan oʻtkazdim dunyoni shartta.
Dedim, shahdin koʻrib qayta va qayta:
“Oʻzligin asragan qora koʻz, qoshlar -
Dunyo kezib yurar hozirgi yoshlar!”
Koʻrdim, maydonlarda mardon boʻlganin,
Oʻzbaki shaʼn, deya javlon urganin.
Gʻoliblikning ming bor zavqin surganin,
Koʻrdi ahli dunyo, koʻrdi qardoshlar –
Bizdan oʻzib ketdi hozirgi yoshlar!
Sarhadlar mustahkam, osuda har dam,
Ona yurt tonglari fayziyob, koʻrkam.
Totuvlik taftidan rang olgan oʻlkam
Bagʻrida millatlar baxtga yor yashar –
Tinchlikka qalqondir hozirgi yoshlar!
Zamon shiddatiday baland shiddati,
Dunyoni lol etmish kuchi, qudrati.
Mehr-u muhabbatning yoʻqdir millati,
U – Dengiz! Vatanni dunyoga boshlar –
Elim, deb yashaydi hozirgi yoshlar!
Baland minbarlarda aytar soʻzi bor,
Betakror ziynati va zardoʻzi bor.
Maʼnaviy siyratin sehri ustuvor,
Islomiy olamga irfon ulashar –
Ezgulikka doxil hozirgi yoshlar!
Keksalarga dilda ehtirom saqlab,
Yoshlarni madh etdim himmatin yoqlab.
Dilda zoʻr iftixor! Kunday charaqlab,
Mehr gulin tutdim! Eh, hozirgi yoshlar,
Sizga havasim bor, hozirgi yoshlar!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶