MASʼULIYaTNI HIS ETIB...
Tumanimiz aholisini tabiiy gaz bilan taʼminlash, ayniqsa, markaziy tabiiy gaz tarmoqlaridan olisda joylashgan ovul va mahallalar aholisiga maishiy gaz ballonlarini yetkazib berish, tabiiy gaz tarmoqlariga ulangan xonadonlarda foydalanilgan har bir kubometr tabiiy gaz uchun belgilangan toʻlovlarni oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borish va bu boradagi muammolarni tizimli ravishda hal etishda “Hududgaztaʼminot” Amudaryo tuman boʻlimi tomonidan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada yaxshilash, bu boradagi ishlarni tubdan takomillashtirish maqsadida aholi xonadonlarida oʻrnatilgan hisoblagich uskunalari, isitish qozonxonalari, quvurlar hajmi har mavsumda mutaxassislar tomonidan qatʼiy nazoratdan oʻtkazilib, aholi bilan tuzilgan shartnoma asosida zarur holatlarda tiklash-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, qishgi va yozgi mavsumlar almashinuvi jarayonida bu kabi tadbirlar aniq va puxta reja asosida amalga oshirilayotgani tufayli tabiiy gaz isteʼmolchilari mamnun.
- Qishloq joylardagi aholini maishiy gaz ballonlari bilan taʼminlab, olis ovullardagi xonadonlarga suyultirilgan maishiy gaz ballonlarini oʻz vaqtida, uzluksiz yetkazib bermoqdamiz, - deydi “Hududgaztaʼminot” Amudaryo tuman boʻlimi boshligʻi J.Ermetov. – Bu borada muammo boʻlmasligi uchun olis ovullarga gaz ballonlari maxsus jihozlangan transport vositalari orqali yetkazib berilmoqda.
Bu borada Qilichboy OFY hududidagi aholi xonadonlariga, shuningdek, Doʻrman, Xitoy, Xolimbeg, Qangli OFYlari aholisiga xizmat koʻrsatuvchi shoxobchalar xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga loyiq. Mazkur shoxobchalar tomonidan nogironligi boʻlgan va keksa isteʼmolchilarning xonadonlariga borib xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
- Ovulimiz hududi aholisiga xizmat koʻrsatuvchi shoxobcha xodimi Anvar Toʻrayevdan minnatdorman, - deydi 2-guruh nogironi, Qilichboy OFYda istiqomat qiluvchi Dilbar Boltayeva. - Suyultirilgan gaz balloni taʼminotida umuman uzilish yoʻq. Oʻzlari yangisini oʻrnatib, boʻshagan gaz ballonini olib ketishadi, beminnat xizmat koʻrsatishadi, baraka topsin.
Bu kabi minnatdorchilik soʻzlarini olis ovullarda yashovchi koʻplab maishiy ballonlaridan foydalanuvchi isteʼmolchilardan eshitish mumkin. Zero, xalqqa samarali xizmat koʻrsatish, “Hududgaztaʼminot” korxonasi Amudaryo tuman boʻlimi mutaxassislari uchun zimmalaridagi masʼuliyatdir.
Oyimjon OʻROZALIYeVA,
gazetaning jamoatchi muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶