QORAQALPOGʻISTON IJTIMOIY-IQTISODIY JIHATDAN YaNADA RIVOJLANADI
Oxirgi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan respublikamiz xududlariga tashrifi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining ravnaqi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun zamin boʻladigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi natijasida har bir sohaga, hattoki eng chekka tuman va qishloqlargacha yangilanishlar, zamonaviy boshqaruv uslubi va texnologiyalar, chet el investitsiyalari kirib bormoqda. Jumladan, 2020-yilning 11-noyabr kungi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ham Qoraqalpogʻiston Respublikasining mavjud ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan ishlab chiqarish va investitsiya salohiyatidan samarali foydalanish, hududda muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlantirish, shu asosda aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini oshirish maqsadida qabul qilindi.
Mazkur qarorda 21 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 400 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti binolarini qurish, 55 tasini rekonstruktsiya qilish va mukammal taʼmirlash, 20 ta maktabgacha taʼlim tashkilotini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish, 7 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabini qurish, 101 ta maktabni rekonstruktsiya qilish va mukammal taʼmirlash, shu asosda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchi oʻrni koeffitsiyenti 1,1 foizdan oshib ketmasligini taʼminlash belgilandi.
Shuningdek, Qaror bilan 1-ilovaga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarining oʻsish nuqtalari («drayver» sohalari) tasdiqlangan. Bundan tashqari, Prezident qarorida ayrim hududlarda va ayrim yoʻnalishlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar belgilangan.
Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarining oʻziga xos «oʻsish nuqtasi» deb belgilangan iqtisodiy faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha yangidan tashkil qilingan tadbirkorlik subʼektlari 2024-yil 1-yanvarga qadar yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilindi.
Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish darajasi past boʻlgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida yangidan tashkil etiladigan sanoat yoʻnalishidagi tadbirkorlik subʼektlari 2024-yil 1-yanvarga qadar yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi. Foyda soligʻi va suv soligʻi toʻlovini amaldagi belgilangan soliq stavkalarining 50 foizi miqdorida amalga oshiradi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida sharoiti ogʻir 45 ta mahalla va ovulda yangidan tashkil etiladigan xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi tadbirkorlik subʼektlariga 2026-yil 1-yanvarga qadar foyda soligʻi, yer soligʻi, mol-mulk soligʻi, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilish imtiyozi qoʻllaniladi.
Biznes-loyihalarni amalga oshirish maqsadida milliy valyutada olinadigan bank kreditlari foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya beriladi.
Maqolada qayd qilib oʻtilgan maʼlumotlar Qarorning bir qisminigina yoritish imkonini beradi. Qarorning toʻliq matni mazmun va hajm jihatdan keng qamrovli boʻlib, uni bir maqola bilan qamrab olish mushkul, albatta. Qarorda belgilangan vazifa va chora-tadbirlar ijrosi amalda taʼminlansa, yurtimiz yanada ravnaq topadi.
M.Matyusupov, tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶