“YoShLAR DAFTARI” ROʻYXATIDAGI YoShLARGA ZARUR ISh QUROLLARI BERILDI
Maʼlumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, muammolarini hal etish, bandligini taʼminlash, kasbga oʻqitish maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati, yaʼni “Temir daftar”, yoshlar hayotiga oid muammolarni tizimli oʻrganish va ularni ijobiy hal etishga qaratilgan “Yoshlar daftari” va ayol-qizlar hayotini yaxshilashga koʻmaklashish maqsadida “Ayollar daftari” shakllantirilgan edi.
Shu bois, butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizda ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularni kambagʻallikdan chiqarish, kasb-hunarga oʻqitish, imtiyozli bank kreditlarini olib, oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishlarida yaqindan yordam berish maqsadida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada tumanda faoliyat olib borayotgan 4 ta sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar tufayli koʻplab oilalar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” roʻyxatlaridan chiqarilib, farovonligi taʼminlanmoqda. Ayniqsa, yoshlar davlat Dasturi ijrosini taʼminlashga qaratilgan amaliy ishlar natijasida yoshlarning ish bilan bandligi darajasi, ijtimoiy faolligi oshib bormoqda.
Joriy yilning 22-may sanasida tuman hokimligi binosida boʻlib oʻtgan amaliy tadbir ham yoshlar davlat Dasturi ijrosini taʼminlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Tuman hokimi S.Yoʻldashev rahbarligida tuman hokimi oʻrinbosarlari, 4 ta sektor rahbarlari, tuman hokimligining yetakchi mutaxassislari, tumandagi siyosiy partiyalari deputatlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari hamda ommaviy axborot vakillari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar ishtirok etgan mazkur tadbirda tuman hokimi S.Yoʻldashev mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ularning ish bilan bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini hal etish borasida belgilangan chora-tadbir, ustuvor vazifalarga batafsil toʻxtalib, bu borada tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar davlat Dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida belgilangan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi. Shu bilan birga “Yoshlar daftari” roʻyxatiga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha erishilayotgan yutuqlar, koʻplab yoshlarning oʻzini-oʻzi band qilish tamoyili asosida ish yuritib, oilasi farovonligiga hissa qoʻshayotganliklarini eʼtirof etdi.
Shundan soʻng, tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi tomonidan “Yoshlar daftari” roʻyxatiga kiritilgan 20 nafar ayol-qizlarga 20 ta tikuv mashinasi, 4 nafar yoshga motokultivator agregati, 10 nafar yoshga payvandlash uskunasi va 1 nafar yoshga esa xizmat koʻrsatish sohasida zurur boʻlgan ish asbobi topshirildi.
Boʻlib oʻtgan yigʻilishda “Yoshlar daftari” roʻyxatiga kiritilgan, tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi tomonidan zarur ish qurollari bilan taʼminlangan yoshlar oʻzlariga koʻrsatilayotgan begʻaraz yordamlari uchun tuman hokimligidan, Yoshlar ishlari agentligidan minnatdor ekanliklarini izhor etishib, bundan keyin samarali faoliyat yuritajaklarini va albatta, yaqin vaqt ichida “Yoshlar daftari” roʻyxatidan chiqishlarini bildirdilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶