OʻZBEKISTONDA KORRUPTsIYaGA QARShI KESKIN ChORALAR YOʻLGA QOʻYILMOQDA
Insoniyatning azaliy muammolaridan biri bu – korruptsiya. Korruptsiya mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalariga taʼsir etib, iqtisodiy sohada mamlakatning nazorat qilish funktsiyasining susayishi, raqobat mexanizmlari ishlamasligi, mulk huquqining poymol qilinishiga, tovar va xizmatlar baholarining oshishiga olib kelishi, ijtimoiy sohada xalqning sotsial tabaqalanishiga, qonun ustuvorligi printsipining obroʻsizlanishi, siyosiy sohada esa xalqning hukumatga ishonchi yoʻqolishiga olib keladi.
Korruptsiya – soʻzi lotin tilidan olingan boʻlib, oʻz tomoniga ogʻdirish, buzish, sotqinlik maʼnolarini anglatadi.
Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarning samarali amalga oshishiga zamin yaratuvchi va korruptsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini oʻzida aks ettirgan Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda maʼqullangan va Prezident tomonidan 2017-yil 3-yanvar kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Qonuni amalga kiritildi.
Mazkur qonun 34 moddadan iborat boʻlib, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda korruptsiya, korruptsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar toʻqnashuvi kabi yangi tushunchalar kiritilgan.
Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati davlat dasturlari va boshqa dasturlar asosida amalga oshirilishi mumkinligi koʻrsatilib, korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti belgilangan.
Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi (bundan buyon matnda Idoralararo komissiya deb yuritiladi tashkil etiladi. Idoralararo komissiyani shakllantirish va uning faoliyati tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Davlat organlarining va oʻzga tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda boshqa xodimlari qonun hujjatlariga rioya etishi, oʻz mansab yoki xizmat majburiyatlarini begʻarazlik bilan, xolisona, vijdonan, odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda bajarishi hamda korruptsiyaga oid biror-bir huquqbuzarlikni sodir etishdan yoki bunday huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratadigan boshqa har qanday harakatlardan oʻzini tiyishi shart ekanligi koʻrsatilgan.
Qonunning 28-moddasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida boʻlishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “«Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-fevral kungi Qarori ham qabul qilingan edi. Unda «Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida 2017-2018-yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturi va korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilgan.
Yuqoridagilarga asos shuni taʼkidlash joizki, korruptsiya kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik, qonunlarni oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash, korruptsiyani keltirib chiqaruvchi holatlarning oldin olish choralarini koʻrish har bir davlat organidagi lavozimli shaxslarning va fuqarolarning vazifasi boʻlishi kerak.
Q.Atamuradov, Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tumani sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶