YoShLARNING FIDOYI VA JONKUYaR YeTAKChISI
Yoshlar – millat kelajagi, yurt istiqboli va taraqqiyot bunyodkorlaridir. Shu bois, yosh avlodga mamlakatimizda yuksak eʼtibor qaratib kelinmoqda. Yoshlar ham oʻz navbatida barcha imkoniyatlardan samarali foydalanib, mamlakat taraqqiyotining chinakam fidoyilariga aylanishga harakat qilishmoqda.
Tumanimizdagi 12-sonli maktabda yoshlar yetakchisi vazifasida ishlab kelayotgan Nigora Saidmurodova yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshib, intiluvchan, iqtidorli yoshlarni kashf etib, isteʼdodlarini yuzaga chiqarishlariga koʻmaklashmoqda. Bu borada chinakam koʻmakdosh va tayanch boʻlib kelgan yoshlar tashkiloti, ayni paytdagi Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi bilan hamkorlikda qator ishlarni tizimli ravishda olib bormoqda.
Nigora bolalikdan oʻqituvchilik kasbiga qiziqdi va shu kasbni egallash niyatida Nukus davlat Pedagogika institutida tahsil oldi. U dastlabki ish faoliyatini Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi 3-sonli Amudaryo akademik litseyi jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshladi. Ish faoliyati davomida boʻsh vaqtlarida ham oʻquvchi-yoshlar bilan shugʻullanar, ularning qiziqishlari, intilishlari bilan qiziqar, oʻsha paytdagi mavjud yoshlar tashkiloti koʻmagida har bir oʻquvchidagi iqtidorni yuzaga chiqarishga harakat qilardi. 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Amudaryo tuman Kengashiga yetakchi mutaxassis vazifasiga oʻtdi.
Nigora 2015-yildan 12-sonli maktabda yana oʻqituvchi boʻlib faoliyat koʻrsata boshladi. Tashabbuskorligi, yoshlarga eʼtiborliligi tufayli maktabda uni 2018-yildan yoshlar yetakchisi vazifasiga tayinlashdi. Yoshlar taqdiriga befarq boʻlmagan fidoyi yetakchi dastlab ishni taʼlim muassasasi yoshlarining muammolari, fanlarni oʻzlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini oʻrganishdan boshladi. Maktabda oʻqiydigan notinch oilalar farzandlari, tarbiyasi ogʻir va nosogʻlom muhitga tushib qolgan, darslarni muntazam qoldirib kelayotgan oʻquvchilarni taʼlim jarayoniga qaytarishga qaratilgan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻydi.
Yoshlarning jonkuyariga aylangan N.Saidmurodova oʻz faoliyati davomida qator tanlovlarda oʻquvchilarning faol ishtirokini taʼminladi. Oʻquvchilar ham oʻz navbatida tuman va Respublika miqyosidagi yutuqlarni qoʻlga kiritib, isteʼdodlarini yuzaga chiqardilar. 2018-yilda Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi qoshidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan “Vatan, doʻstlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida oʻtkazilgan XII anʼanaviy anjumanda yilning “Eng namunali boshlangʻich tashkiloti yetakchisi” deb topildi. Sportning voleybol, basketbol va futbol turlari boʻyicha ayol-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan musobaqalarda faxrli 1-, 2-oʻrinlarni egalladi. Tuman miqyosida oʻtkazilgan “Eng bilimdon yoshlar yetakchisi” tanlovi gʻolibi boʻldi va tuman hokimining faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi. Undan tashqari, turli seminarlar, forumlarda ham faol ishtirok etib, sertifikatlarga ega boʻldi.
Fidoyi yetakchi yoshlarning jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etishi, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, har tomonlama yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishiga hissa qoʻshish maqsadida intilmoqda. Buni sharafli va masʼuliyatli burch deb bilib, butun bilimi, mahorati va kuch-gʻayratni sarflamoqda.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶