MAHALLALARDA SUD-HUQUQ SOHASIDAGI OʻZGARIShLARNING MAZMUN-MOHIYaTINI TUShUNTIRISh BOʻYIChA TARGʻIBOT TADBIRLARI OʻTKAZILDI
Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimini chuqur isloh etish va liberallashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi qonunchilik jarayoni izchillik bilan takomillashtirilmoqda va yangilanmoqda. Shuningdek, sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida joylarda muloqotlar, uchrashuvlar oʻtkazilib, aholining huquqiy bilimlari oshirilmoqda.
2021-yil 19-fevral kuni Beruniy, Navoiy nomli mahallalarda, shuningdek, Doʻstlik va Farovon mahallalarida ham Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Qayrulla Atamurodov, Beruniy tumanlararo Iqtisodiy sudi sudyalari Q.Xojamurodov va B.Bekmurodovlar aholi bilan uchrashib, sud-huquq sohasidagi oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini oʻtkazishdi. Sud sohasi masʼullari ushbu tadbirlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, sayyor sudlarning jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi samarasi, olib borilgan targʻibot ishlari toʻgʻrisida axborot berdilar.

Mazkur tadbirlarda Fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Qayrulla Atamurodov jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish, qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanishi aytib, aholining huquqiy savodsizligiga barham berish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan salmoqli ishlar qilinayotgani toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Sud qarorlari ustidan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini berish, ularni koʻrish tartibi, fuqarolik ishlarda prokurorning ishtiroki va vakolatlarini mahallalardagi aholiga batafsil tushuntirdi.

Beruniy tumanlararo Iqtisodiy sudining sudyasi Q.Xojamurodov Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi Qonuni bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shuningdek, ushbu Kodeksning 25-moddasidagi iqtisodiy sudlarga taalluqli boʻlgan investitsiyaviy nizolar boʻyicha hamda raqobatga oid ishlar, ularning sudlovga tegishlilik masalalari, iqtisodiy ishlarda prokurorning vakolatlari haqida keng maʼlumot berdi. Undan tashqari, iqtisodiy sudlarda sud qarorlarining qayta koʻrilishi bilan bogʻliq Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida batafsil gapirdi.
Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi B.Bekmurodov esa Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-dekabrdagi “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining mazmun-mohiyati haqida keng tushunchalar berdi. Jumladan, ushbu Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni batafsil tushuntirib, aholining huquqiy bilimlarini oshirdi.
Uchrashuvlarda sud-huquq sohasi masʼullari tomonidan aholini qiziqtirgan savollarga ham javoblar berildi. Sud sohasi masʼullari tomonidan oʻtkazilgan targʻibot tadbirlari aholining huquqiy bilimlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶