IQTISODIY SUDLARDA SUD QARORLARINI QAYTA KOʻRISh INSTITUTI TAKOMILLAShTIRILDI
Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimini chuqur isloh etish va liberallashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish boʻyicha keng miqyosli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aynan mavzu bilan bogʻliq, yaʼni sud qarorlarini qayta koʻrish institutini isloh etish va uni yanada takomillashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni katta ahamiyat kasb etdi. Farmonga asosan 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab, viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiktsiya sudlari tashkil etildi.
Ushbu sudlarga tumanlararo, tuman, shahar sudlarining qarorlarini apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish vakolati berilib, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instantsiya sudida va apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida koʻrish vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlariga oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqilishi belgilab berildi.
Sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi.
Farmonda belgilangan vazifalarga asosan Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvar kungi Qonuniga koʻra sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishli moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ushbu Qonunda yuqoridagi Farmonda koʻrsatilganlaridan tashqari, yangi qoidalar ham nazarda tutildi. Unga koʻra prokurorning protest keltirish vakolatlari qisqartirilib, faqat prokuror ishtirokida koʻrilgan ishlar boʻyicha, shuningdek taraflarning murojaati mavjud boʻlgan taqdirdagina apellyatsiya va kassatsiya protestlarini keltiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil nafaqat kassatsiya shikoyati, balki apellyatsiya shikoyatini ham berishi mumkin. Alohida hollarda apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlarida ishlarni koʻrib chiqish muddati oldingidek sud raisi tomonidan emas, balki ishni koʻrayotgan sudlov hayʼati tomonidan koʻpi bilan bir oyga uzaytiriladi.
Shuningdek, kassatsiya shikoyati apellyatsiya instantsiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran bir yil ichida beriladi. Sud hujjati ustidan kassatsiya shikoyati ish apellyatsiya tartibida koʻrilgandan soʻng beriladi. Ushbu qoidaga rioya etmaslik kassatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilishni rad etilishiga sabab boʻladi.
Bu kabi oʻzgarishlar va kiritilgan qoʻshimchalar sud ishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Q.Xojamurodov, Beruniy tumanlararo Iqtisodiy sudining sudyasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶