“Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi
13-yanvar kuni Amudaryo tumanida ham Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab, tuman hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Tibbiyot birlashmasi, Xalq taʼlimi boʻlimi, Mudofaa ishlari boʻlimi, Ichki ishlar boʻlimi, Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman Kengashi hamkorligida “Kim Vatanga sodiq boʻlsa, mendirman oʻsha!” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi.
Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman Kengashining sport maydonchasida boʻlib oʻtgan ushbu musobaqada tumandagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining sportchi yoshlari ishtirok etdilar. Sport musobaqasining tantanali ochilish marosimida hamkor masʼullar ishtirokchilarni Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabriklab, musobaqa qatnashchilariga omad tiladilar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda tuman hokimining farmoyishlari ijrosini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish, yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularni sport musobaqalariga ommaviy tarzda jalb qilish maqsadidagi mazkur musobaqalar dastlab 8 ta hududda oʻtkazilib, 858 nafar yoshlar qamrab olingan edi. Shu kungi yakuniy bosqich uchun oʻtkazilgan musobaqalarda esa 88 nafar sportchi yoshlar sportning arqon tortish, mini futbol, harbiy sport turlari, yaʼni 1000 metrga yugurish, turnikda tortilish, granata uloqtirish, oʻq otish, kuch sinashish turlari boʻyicha oʻzaro bellashdilar.
Taʼkidlash joizki, Vatan, xalq, ajdodlarimiz, buyuk allomalarimizning shuhratini dunyoga tarannum etishda, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, har tomonlama yetuk, jismonan sogʻlom, bilimli va fidoyi farzand qilib shakllantirish yoʻlida xalq, albatta, oʻzining buyuk kelajagini barpo etishga qodir. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir insonning qalbiga Vatan tuygʻusini singdirish, bir necha ming yillik moddiy va maʼnaviy madaniyat maskanlaridan biri – ona Oʻzbekistonimizning haqiqiy jonkuyari boʻlishga erishish hozirgi kunning eng dolzarb vazifalaridandir. Yoshlar qalbida Vatan himoyasi yoʻlidagi mardlik va shijoat namunalarini shakllantirish, birdamlik, joylarda sogʻlom maʼnaviy muhitni barqarorlashtirishdek ezgu maqsadlar koʻzlab oʻtkazilgan mazkur musobaqalar davomida yosh sportchilar oʻzlarining chaqqon va epchilliklarini, abjirligini, sport mahoratini namoyish etib, gʻoliblik uchun harakat qildilar.
Musobaqa natijalariga koʻra, arqon tortish boʻyicha 1-oʻrinni 3-sonli maktab jamoasi, 2-oʻrinni 41-sonli maktab jamoasi, 3-oʻrinni 31-sonli maktab jamoasi qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi. Mini futbol musobaqasida 1-oʻrinni 4-sonli maktab jamoasi, 2-oʻrinni 17-sonli maktab jamoasi, 3-oʻrinni 9-sonli maktab jamoasi qoʻlga kiritdi. Shuningdek, harbiy sport musobaqalarida 41-sonli maktab jamoasi 1-oʻrin, 3-sonli maktabi jamoasi 2-oʻrin, 12-sonli maktab jamoasi 3-oʻrin gʻolibi deb topildi.
Tadbirning yakunlovchi qismida musobaqa gʻoliblariga tuman Jismoniy tarbiya va sport boʻlimining diplom va faxriy yorliqlari topshirildi. Gʻolib jamoalar tuman hokimligi, Xalq taʼlimi boʻlimi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar boʻlimi tomonidan ham sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida oʻtkazilgan ushbu sport tadbirlari ular qalbidagi yurtga daxldorlik tuygʻularini yanada yuksaltirdi.
X.Ismailov, tuman Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶