TADBIRKORLIKDAN ZIYNATLANGAN OILA
Insonning oʻzi uchun qalb ardogʻiga aylangan tuygʻulari koʻp. Umrini ezgu orzular bilan xayrli tashvishlar ogʻushida oʻtkazish, hayot yoʻllarida hech boʻlmaganda har kuni bir oʻzgarish yasashga intilib yashash esa hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Shirin orzular qilish boshqa, uni oʻz hayot mezoniga aylantirib, orzular roʻyobidan zavq olib, oʻzgalarga ham yaxshilik va zavq ulashib yashash boshqa. Mening bugungi qahramonim – "toshyop”lik tadbirkor Amina Shomurodova oʻzi uchun eng aziz tuygʻu – shirin orzulari ogʻushida ulgʻayib, xayrli ishlari bilan hamqishloqlari, tumanimiz xalqining hurmat va eʼtiboriga sazovor boʻlgan ayollardan.
Amina ulgʻaygan oilaviy muhit uni hayotga ziyraklik va teran nazar bilan boqib, zamon talablariga munosib xulosalar chiqarib yashashga oʻrgatdi. Umrini dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, tomorqa xoʻjaligidan moʻl-koʻl daromad olish manbalarini yaratish, farzandlariga dehqonchilik ilmini oʻrgatishga bagʻishlab yashagan otasi Qurbonboy bobo 8 nafar farzandini atrofiga jamlab, doim bir gapni takrorlardi:
- Bolalarim, mehnat odamning chiroyini ochadi, umriga zeb beradi. Mehnatning shirin nonidan taningiz sogʻ, atrofingiz gulbogʻ boʻladi, aslo mehnatdan qochmanglar.
- Otamning oʻgitlari koʻp boʻlardi, - mamnuniyat bilan xotirlaydi Amina. – "Pul, boylik bevafo boʻladi, – derdilar doim. – Haddan tashqari boylikka oʻch boʻlish – umrni kirlantiradi. Pul qoʻlning emas, umrning ham kiri, bolalarim. Qoʻl kirini yuvsa, ketadi. Boylik umrni kirlantirsa – yomon. Boyliging juda oshib-toshsa – xayr-ehson qil, yengil tortasan, el duosini olib, zavqlanasan...
Oiladagi bunday maʼnaviy tarbiya onlari farzandlarni el koriga kamarbasta insonlar sifatida shakllantirdi. Aka-opalariga oʻxshab oliygoh talabasi boʻlishni diliga tukkan Amina oʻrta maktabni endi tugatayotganida oila boshiga ogʻir musibat tushdi. Mehribon onasidan bemavrid judo boʻlgan oʻgʻil-qizlariga ota-onalik qilish Qurbonboy otani charchatib qoʻyganida oilaning zalvorli yukiga yelka tutgan Aminajon boʻldi. U ham maktabda aʼlo oʻqishga, ham otasining yonida tomorqada ishlashga vaqt topdi. Hatto roʻzgʻordagi yetishmovchiliklar sabab qoʻni-qoʻshnining oila ehtiyojidan ortgan sut mahsulotlarini shaharliklarga olib borib sotishga, oila iqtisodini koʻtarishda otasiga koʻmakdosh boʻlishga intildi. Oʻrta maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Samarqand arxitektura va qurilish-muhandislik institutiga oʻqishga kirdi. Tabiatan tirishqoq va intiluvchan boʻlgan Amina talabalik davridayoq, oʻz moddiy ehtiyojlarini hisobga olib, oʻqishdan boʻsh vaqtlarida bolalar uchun paypoqchalar, nimchalar, chiroyli jemperlar toʻqidi. Uning qoʻlida jilo topgan bunday kiyim-kechaklarning xaridorlari esa doim kursdosh doʻstlari boʻlishardi. Amina Shomurodovaning tadbirkorlik qobiliyati oʻsha olis talabalik yillarida shakllangan boʻlsa ne ajab!
Institutni tugatib 1996-98-yillarda tuman xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan Amina oʻzini tadbirkorlik sohasida sinab koʻrmoqchi boʻldi.
- Meni bu sohaga qiziqtirgan ustozim rus millatiga mansub tadbirkor ayol, Nukus shahridagi "Tamara” qandolatchilik firmasi direktori Larisa Vitalevna boʻldi, - deydi ilk tadbirkorlik faoliyati haqida. – Oʻsha paytda, 1998-yilda Larisaxonim Qoraqalpogʻiston Respublikasi rus madaniyati markazi raisi ham edi. Meni firma ish yurituvchisi sifatida ishga oldi va shu soha sirlarini erinmay oʻrgatdi.
"Tamara” qandolatchilik firmasida 16-yil davomida ish yurituvchi vazifasida faoliyat olib borgan Amina Shomurodova uchun bu yillar tadbirkorlik sohasida chinakam toblanish maktabi boʻldi. Larisaxonimning tavsiyasi bilan oʻzining yakka tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi.
Asli kasbi haydovchi boʻlgan "toshyop”lik Oʻktamboy Bobotoyev bilan qurgan ahil oilasida toʻrt nafar oʻgʻil-qiz voyaga yetmoqda. Farzandlar ulgʻaygan sari tashvishlari ham ulgʻaydimi yoki tadbirkorlik sohasiga ishtiyoq balandligidanmi 2009-yilda Amina qandolatchilik mahsulotlari savdosini rivojlantirish maqsadida oʻz biznes-rejasini ishlab chiqdi va oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻydi. Bugungi kunda "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasi ichki bozorda raqobatbardosh mahsulotlari bilan oʻz mijozlariga ega iqtisodiy baquvvat oilaviy korxonalardan biriga aylandi.
"Xayrli ishga el xayrixoh”, - deb bejiz aytishmagan. Amina va Oʻktamboy xayrli, ezgu ishlari bilan hamisha el olqishiga sazovor.
Hisob-kitobda uddaburon korxona ish yurituvchisi Oʻktamboy ham, har bir ishni puxta reja asosida olib boruvchi Aminajon ham yaxshilik va xayrli ishlar yoʻlida toʻkilib turishlaridanmi, korxona ofisi ham, savdo shoxobchalari ham hamisha mijozlar bilan gavjum. Kimdir toʻyga kam xarjroq boʻlib turganidan, yana kimdir farzandini, ota-onasini davolatishga qiynalib qolganidan "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasi eshigidan qisinib-qimtinib kirib kelishadi. Oʻktamboy ham, Aminajon ham aslo "yoʻq”ni aytmaydi. Yordam – beminnat. Oʻrtada – insoniylik, mehr-muruvvat boʻy tiklaydi. Eshikdan qisinib-qimtinib, qaddiegilib kirib kelgan hojatmand ketarida boshini koʻtarib, qaddini tik tutib, quvonib-quvonib, minnatdorlik tuygʻulari ogʻushida chiqib ketadi. Muhtojning koʻngli togʻ, uning koʻngliga yoʻl topgan Aminajon bilan Oʻktamboyning qadri baland. Ana shudir – inson orzularining umrga ziynat bergani! Shudir – yaxshilik deb atalgan oʻzbekona fazilat – oʻzbek feʼli!
"Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasi faoliyatida bunday yaxshilik tomon har kuni bir qadam qoʻyiladi. Oilaning eng yaqin qarindoshi vafot etdi, 3 nafar norasida goʻdak yetim qoldi. Qarindoshni begona qilish – nomardlik. Amina bilan Oʻktamboy 3 nafar yetimni oʻzlarining 4 farzandi qatori tarbiyasiga olishdi. Oq yuvib-oq tarab, voyaga yetkazishdi. Ulgʻaygach, biri kollej talabasi, ikki nafar binoyiday bir korxona ishchilari boʻlishgan bolalar oila, ota-ona tarbiyasini olib, asta-sekin elga qoʻshilayotganidan barcha mamnun. Yana bir birinchiguruh nogiron qarindoshi ham "Mangʻit - Fayz” korxonasining mehr-muruvvatidan hamisha bahramand. "Toshyop” ovulidagi 5-sonli maktabda oʻtkaziladigan turli xil tadbirlarga homiylik qilib kelayotgan "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasining tadbirkorlik sohasida oʻz iqtisodiy mezonlari bor. Ichki bozorni barqaror rivojlantirish va xaridorgir, sifatli mahsulotlar savdosini tashkil etishda oʻz tajribasi va uslubiga ega korxonaning bankka naqd pul tushumida ham hissasi katta. Oyiga 15 million soʻmlik naqd pul tushumini taʼminlashni rejalashtirgan korxona maʼmuriyati bu rejani 20 million soʻm atrofida uddalashga erishmoqda.
"Toshyop” ovulida esa "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasining homiylik xizmatidan mamnun kishilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalarga, mehnatga layoqatsiz birinchi guruh nogironlariga beminnat yordam qoʻlini choʻzayotgan Aminajon va Oʻktamboyning xonadoni hamisha yaxshilar tashrifidan obod. Chunki ichki bozorni rivojlantirish, bankda naqd pul aylanmasini taʼminlashga hissa qoʻshish, xalqimizga sifatli qandolatchilik mahsulotlari yetkazib berishdagi beminnat xizmatlari uchun tuman hokimining tashakkurnomasini olishga sazovor boʻlgan korxonada esa hamjihatlik hokim. Uch nafar odamni ish bilan taʼminlab, oʻz oilasi iqtisodini havas qilarli darajaga koʻtara olgan tadbirkor oilada barchaning oʻz bajaradigan ishi, orzu-intilishlarining borligi esa havaslarga loyiq.
"Mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik”, deb bejizga aytishmagan ota-bobolarimiz. Tadbirkorlikni ham chidaganga chiqargan, - deyishlarida esa olam jahon hikmat bor. "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasi rahbari Aminajon Shomurodova va ish yurituvchi Oʻktamboy Bobotoyevlar oʻz umr yoʻllarini tadbirkorlikning shirin mevalari bilan ziynatlab, fidoyi mehnatlari evaziga yetishgan fayzga toʻla obod va farovon turmushlaridan chehralari gul-gun.
- Farzandlarimizga atab namunaviy uy-joylardan birini olish uchun shartnoma tuzdik, - deydi Oʻktamboy. – Oʻzimizning imoratimiz quriladigan hududda oilaviy korxonamizning filialini ochish niyatimiz ham yoʻq emas. shunday qilsak, yana bir-ikki nafar kishi ish bilan taʼminlanadi.
Albatta, "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasida yana oʻsish, oʻzgarish, rivojlanish boʻladi, muhimi, filial ochishsa, hudud aholisining mushkuli osonlashadi, toza, sifatli oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoj mollari bilan taʼminlanadi. Aminajon bilan Oʻktamboy esa...
Ular tinim bilmay ishlashadi. Korxona ixtiyoridagi "Ford” rusumli mikroavtobusi bilan el-yurt ogʻirini yengil qilib xalq xizmatiga hamisha kamarbasta boʻlib yashashdan aslo charchamaydilar.
Bu hayotning eng oddiy falsafasi ham oʻzing uchun goʻzal turmush tarzini yaratib, oʻzgalarga yaxshiliklar ulashib yashash emasmi, azizlar! Buni biz "Mangʻit - Fayz” oilaviy korxonasida, uning elga bergan fayzida, yaxshiliklarida koʻrdik.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶