TARIX FANI OYLIGI YaKUNIGA BAGʻIShLAB “OʻLKAM TARIXI” MAVZUSIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Umumtaʼlim maktablarida dekabr – tarix, tarbiya va huquq fanlari oyligi doirasida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi. Fan oyligi doirasida barcha maktablarda biri-biridan qiziqarli tadbirlar, innovatsion dars-mashgʻulotlari tashkil etilib, oʻquvchilarning bilimlari oshirildi.
Amudaryo tumanidagi 75-sonli maktabda ham fan oyligi doirasida turli tadbirlar oʻtkazildi. Ayniqsa, tarix fani boʻyicha oylik davomida sinflararo, guruhlararo bellashuvlar, tumanimiz, Qoraqalpogʻiston va Oʻzbekiston hamda qadimgi dunyo tarixi, shuningdek, Oʻzbekistonning yangi tarixiga oid referatlar, suratli albomlar tayyorlandi. Oʻquvchilar tomonidan “Oʻlkam tarixi” mavzusida koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmadan joy olgan buyuk Amir Temur davlatchiligi tarixiga oid referat va insholar, tarixiy surat-lavhalar oʻquvchilarning Temuriylar saltanati haqidagi bilimlarini yanada mustahkamladi.
Bir oy davom etgan tarix fani oyligi doirasida oʻtkazilgan ochiq darslar, seminar-treninglarda maktabning tarix fani oʻqituvchilari “oʻrgan-oʻrgat” tamoyili asosida oʻzaro tajriba almashdilar. Oʻquvchilar oʻrtasida Vatanimiz tarixi yuzasidan referatlar tanlovi, insholar va rasmlar tanlovlari oʻtkazildi, Fan oyligi yakunida barcha tadbirlar umumlashtirildi va “Oʻlkam tarixi” mavzusidagi koʻrgazma orqali oʻquvchilarning eng sara ishlari namoyish etildi.
Shuningdek, oylik doirasida oʻtkazilgan sinflararo bellashuvlarda, guruhlararo zakovat bahslarida hamda referat va insholar tanlovlarida oʻz bilimdonliklarini namoyish etgan oʻquvchilar, eng yaxshi insho, eng yaxshi rasmlar mualliflarining nomlari alohida qayd etilib, maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Fan oyligining yakunlovchi bosqichida ishtirok etgan tuman Xalq taʼlimi boʻlimi uslubchilari Odilbek Haytimbetov va Oʻtkirbek Matmurodovlar “Oʻlkam tarixi” koʻrgazmasiga yuqori baho berdilar. Shu bilan birga, fan oyligi doirasida oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan referatlar, ona Vatan tarixi, tumanimiz hamda oʻquvchilarning oʻzlari istiqomat qilayotgan mahallalar tarixiga oid insholar, maktabning havaskor rassomlari chizgan tarixiy suratlarning mazmun-mohiyati, ushbu ijodiy ishlarning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati xususida atroflicha toʻxtaldilar.
Tarix fani oyligi yakuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda oʻquvchi-yoshlar xalqimiz sevgan adib va shoirlarning asarlaridan parchalar, biri-biridan taʼsirli sheʼrlar oʻqidilar.
“Oʻlkam tarixi” mavzusidagi koʻrgazmali maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻquvchilar qalbida ona Yurtga muhabbat, maʼnaviy qadriyatlarga va xalqimizning buyuk tarixiga hurmat tuygʻularini yanada mustahkamladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶