MENING HUQUQLARIM – QONUN HIMOYaSIDA
Bugungi kunda Konstitutsiyani chuqur oʻrganish – kun tartibidagi muhim masala. Shunday boʻlsa-da, koʻpchiligimiz Konstitutsiyaning maʼno-mazmunini yaxshi bilmaymiz, uni sinchiklab oʻrganmaymiz. Agar Konstitutsiyamizning mohiyatiga kirib borsak, magʻzini chaqsak, oʻzimizni qiynagan koʻpgina savollarga javob topa olamiz. Haqiqatdan ham Konstitutsiya davlatning asosiy Qonuni boʻlib, u faqat davlatga emas, fuqarolarga ham xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning haq-huquqi, fuqarolar oldida davlatning burchi, fuqarolar bilan davlat munosabati hamda fuqarolar manfaatining ustunligi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, qonun oldida tengdirlar. Masalan, bolalar yashash, oʻqish, bilim olish va davolanish huquqiga egadirlar. Imkoniyati cheklangan bolalarning ham yashash, davolanish, bilim olish, yaratish, ijod etish huquqlari kafolatlangan. Mehr-muruvvat, saxovat mazmunidagi har xil tadbirlarni tashkil etishdan maqsad ham bola huquqlarini himoya etishni nazarda tutadi.
Ijod erkinligi – bu yaratish demakdir. Biz yoshlarga berilgan huquqlarimizdan biri – erkin ijod bilan shugʻullanish hisoblanadi. Qonunlarimiz ijod etish, erkin fikrlash va yaratish kabi oʻz huquqimizdan toʻla foydalanishni taʼminlaydi.
2020-yilning 30-oktyabr kuni “Zulfiyaxonim qizlari” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi. Men ham oʻz huquqimdan foydalanib, koʻrik-tanlovda qatnashish baxtiga muyassar boʻldim. Menda shunday kuchli quvonch, iftixor tuygʻulari joʻsh urdiki, demak, men yana koʻproq oʻz ustimda ishlashim kerak va ustozlarimdan yanada koʻproq saboq olishim shart, deb koʻnglimga tugib, Vatanim ishonchini oqlashni maqsad qilib qoʻydim.
Barcha fuqarolar millatidan qatʼiy nazar, qonun oldida barcha huquqlardan foydalanishda tengdir. Masalan, bizning sinfimizda ham bir necha millatga mansub oʻquvchilar bor va ularning barchasi teng huquqli taʼlim-tarbiya olishmoqda. Bu masalalarda biror bir millatga alohida imtiyozlar berilmaydi, kamsitilmaydi ham. Millatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari hurmat qilinadi va ularning rivojlanishiga imkoniyatlar yaratilgan.
Mening va tengdoshlarimning, barcha yoshlarning tinchligi, emin-erkin bilim olish, kasb tanlash, mehnat qilish kabi huquqlarimiz Bosh Qomusimizda kafolatlab qoʻyilgan.
Yorqinoy KENJABOYeVA, 11-maktab oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶