SEMINARDA TAʼLIM TIZIMIDA AKTDAN FOYDALANIShNING AHAMIYaTI TUShUNTIRILDI
Joriy yilning 30-oktyabr kuni tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 82-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda “Elektron kundalik” va “Elektron jurnal” tizimlarini, “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasini keng tatbiq qilish boʻyicha amaliy oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi. Seminarda tuman Xalq taʼlimi boʻlimining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi mutaxassislari, maktablarning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari va informatika fani oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

Seminarda Xalq taʼlimi boʻlimining Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi mutaxassisi Jahongir Ibrohimov hamda 55-sonli umumtaʼlim maktabining oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Rustam Rahmatullayevlar soʻzga chiqib, taʼlim sohasida axborot-texnologiyalarning oʻrni va ahamiyati, oʻqituvchilarning AKT savodxonligini oshirish, maktablarda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan “Elektron kundalik” tizimi va ayni payda keng targʻib qilinayotgan “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi xususida toʻxtalib oʻtdilar.
Aytish kerakki, bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va aholining kundalik hayotiga keng joriy etishni taʼminlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Respublikaning mehnat bozorida malakali kadrlar yetishmovchiligi axborot texnologiyalari sohasidagi oʻquv dasturlari va uslublarini takomillashtirish, taʼlim muassasalarining IT-kompaniyalar bilan oʻzaro hamkorligini axborot texnologiyalarining oʻqitilishini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, mehnat bozorining malakali IT-mutaxassislarga boʻlgan talabini qoniqtirish maqsadida qabul qilingan “Axborot-texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bu boradagi ishlarni amalga oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Seminarda taʼkidlanishicha, “Elektron kundalik” kundalik.com sayti orqali yuritiladi. Sayt TAS-IX zonasida joylashgan boʻlib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan, mobil operatorlar tomonidan internet trafigi saflanmaydi. “Elektron kundalik” onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va baholardan xabardor boʻlish, sinf rahbarlari va boshqa oʻqituvchilar bilan aloqani ushlab turish va dars jarayonida qoʻyiladigan baholarning haqqoniyligini taʼminlashga yordam beradi.
Shuningdek, kundalik.com tizimiga obuna boʻlish bahosi qogʻoz kundalikning oʻrtacha bahosiga teng. Dastlabki oy davomida ota-onalar tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoniyati mavjud. Ushbu qulaylik hamda imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida tumandagi 30-,40-,55-,87-sonli umumtaʼlim maktablarida “Elektron kundalik” tizimi joriy qilingan hamda ushbu maktablarda qogʻoz kundalik va jurnallardan foydalanish bekor qilingan.
Seminarda “Bir milliy oʻzbek dasturchilari” loyihasi ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali aholiga bepul masofaviy taʼlim olish imkoniyatini berishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etib oʻtildi. Qolaversa, loyihada ishtirok etishni xohlovchilar loyiha ishga tushirilishi bilanoq ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkinligi, dasturning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash boʻyicha ularga kerakli bilim va koʻnikmalarni berish ekanligi haqida soʻz yuritilib, roʻyxatdan oʻtish va foydalanishda zarur boʻladigan tavsiyalar berildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶