MAMLAKATIMIZ MUSTAQILLIGINING 29 YILLIGIGA BAGʻIShLANADI
VATANGA EHTIROM
Ulugʻ saltanatning ulugʻ vorisi,
Temuriy podshohlar ot surgan makon.
Sen-qudrat manbai, qudrat vorisi –
Saodat maskani – hur Oʻzbekiston!
Garchi bir nuqtasan roʻyi zaminda
Va lekin dunyoni zabt etmish noming.
Jannatiy nafas bor fasllaringda,
Havasga munosib shahd-u imkoning.
Yuraklarda erk – bayroq hilpirar,
Madhiyang jarangi tutmish dunyoni.
Istiqloldan obod har chogʻ gurkirar,
Sendan olmish jahon ilm-u ziyoni.
Jugʻrofiy aniqlik, ilmi tib, hisob,
Shu qultugʻ zamindan boshlangan daryo.
Hamon oqayotir bu daryo shitob,
Mavjida olamga yetgulik ziyo!
Oʻzbaki shaʼn boʻlib dunyo kezadi,
Buyuk muhaddislar yaratgan kitob,
Ilmi nujum samo toqin bezadi.
“Hidoya” adolat yoʻlida oftob!
Oʻshal mezonlardan kuch olgan Vatan,
Bagʻringda qulf urar mehr-muhabbat.
Bir yuz oʻttiz olti tilda soʻzlashgan,
Xalqing saodatmand, baxtli har millat!
Sinovlar juft keldi, aziz boshingga,
Mardi-maydonlaring tutdi yelkasin.
Oʻzing quvvat boʻlding keksa, yoshingga,
Koʻrdim, timsolingda mehr oʻlkasin!
Jahon ayvonida bor koʻshk-u taxting,
Oʻz soʻzin aytguvchi aziz arkonim.
Istiqboling yorugʻ, ulugʻdir shahding,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim!
Oʻzing boshim silab turgan otamsan,
Onamsan, ardoqlab, sevib ulgʻaytgan.
Tanda jonim oʻzing, halovatimsan,
Oʻgʻil-qizlarimga allalar aytgan!
O mehr oʻlkasi – saodat qasri –
Shon-sharaf taxtida buyuklangan Yurt.
Tegrangda charx urar Istiqlol asri,
Robiya, tavof et, koʻzlaringga surt!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶