MAQOLLAR – XALQ OGʻZAKI IJODI MAHSULI
Xalqimizning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy tajribalari umumlashgan, badiiy, obrazli mulohazalaridan tashkil topgan maqollar tarixi juda chuqur, oʻnlab asrlar ilgari vujudga kela boshlagan va insoniyat taraqqiyoti bilan bogʻliq holda rivojlanib kelgan. Xususan, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida ham xalq ogʻzaki ijodi namunalari hisoblanmish teran maʼno-mazmunga ega maqollar koʻp uchraydi.
Men ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi boʻlganim uchunmi, xalq ogʻzaki ijodiga, xususan, maqollarga juda qiziqaman. Hozirgi kunda 500 tadan ziyod, inson hayotining turli sohalarini qamrab olgan teran mazmunli maqollarni toʻplab, mazmuniga qarab ajratib yozib oldim. Kelgusida shu ishimni kengaytirib, kitobcha holida chop ettirish niyatim bor.
Mening bu ishga qiziqib qolishim bejiz emas. Bunga avvalo onam Malika Yoʻldosh qizi sababchi boʻlganlar. U kishi xalq ogʻzaki ijodini juda yaxshi biladilar, koʻpincha gaplariga maqol qoʻshib, soʻz taʼsirini oshirib gapiradilar.
Albatta, men onamdan eshitgan maqollarimdan maktabda, oʻqituvchilik faoliyatimda oʻquvchilarga dars oʻqitish jarayonida ham koʻp foydalanaman. Oʻquvchilarimga ona tilimiz nihoyatda boy til ekanligini, bu – hatto xalq ogʻzaki ijodida ham oʻz ifodasini topganligini, xalq ogʻzaki ijodini puxta oʻrganish, koʻp maqollarni yod olish hayotda har kimning oʻz oʻrnini topishida yordam berishini uqtiraman.
Chindan-da, ajdodlarimizning zakiy va donoligidan dalolat beruvchi maqollarning hayotimizda ahamiyati juda ulkan. Masalan, “Boshidan oʻtmaganning qoshidan oʻtma”, “Sabrli qul bora-bora shod boʻlar, besabr qul oʻz feʼlidan sob boʻlar”, degan maqollarda hayotda ogʻir kunlarni koʻp kechirgan odamlar birovning dardini yaxshi tushunishi, yoʻl-yoʻriq bera olishi, shuningdek, inson yaxshi-yomon kunlarga birdek koʻnmogʻi, sabr qilmogʻi lozimligi mohirona aks ettirilgan.
Menimcha, barcha fan oʻqituvchilari ham oʻz darslarida xalq ogʻzaki ijodidan, xalq maqollaridan unumli foydalansa, nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.
Nazira USMONOVA,
38-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶