BILIMDON VA ZUKKO KITOBXON QIZ
Har yili oʻtkazilib kelinayotgan “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovi yuksak bilimli va salohiyatli yoshlarni kashf etish imkonini bermoqda.
Mazkur tanlovning quyi bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan tumanimizdagi 56-sonli maktab oʻquvchisi Laylo Olimova oʻzining zukkoligi, kuchli xotiraga egaligi bilan qatorasiga ikki yil – 2018 va 2019-yillarda “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining tuman bosqichida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi va tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida 2018-yilda uchinchi, 2019-yilda esa faxrli 2-oʻrinni egalladi.
– Buning uchun juda koʻp kitob oʻqishga toʻgʻri keldi, – deydi Layloxon oʻz taassurotlari haqida. – Muhimi, insonning xotirasi kuchli boʻlishi kerak.
Laylo Olimovaning eslab qolish qobiliyati havasga loyiq. U har bir oʻqigan asaridan olgan taassurotlarini, hatto hozirgi zamon oʻzbek adabiyotining yirik namoyondalaridan tortib, yosh qalamkashlarning asarlari boʻyicha shaxsiy fikrlarini alohida daftarga qayd etib boradi. Navoiy, Bobur, Ogahiy, Fuzuliy, Erkin Vohidov gʻazallarini juda tez yod olish bilan birga har bir satrning magʻzini chaqishga harakat qiladi.
Laylo nafaqat zukko kitobxon, balki oʻzbek tili va adabiyotining bilimdonlaridan. U bir necha marta “Bilimlar bellashuvi”ning tuman va Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichi gʻolibi boʻlgan.
Layloxon bilan suhbatlashsangiz aslo zerikmaysiz. Yosh kitobsevar qiz umumtaʼlim maktabini ham aʼlo baholarga tugatmoqda. 2019-2020-yilgi fanlar olimpiadasining tuman bosqichida oʻzbek tili va adabiyoti fanidan 2-oʻrinni egallagan Layloxon ayni paytda yetuk jurnalist boʻlish orzusida. Sheʼrlari, hikoyalari “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi sahifalari orqali yoritilib, allaqachon oʻz muxlislarini topgan.
Biz zukko kitobxon, fikri teran, bilimdon qiz Layloxon Olimovaning orzulari yoʻlidagi intilishlarida omad yor boʻlishini tilaymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶