BELLAShUV OʻQUVChILAP BILIMINI SINOVDAN OʻTKAZDI
Mamlakatimizdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida fan oyliklari doirasida turli tadbirlar, oʻquv seminarlari, namunaviy ochiq darslar, festivallar tashkil etiladi. Bu tadbirlar oʻqituvchilarning taʼlimdagi ilgʻor metodlardan foydalana olish imkoniyatlarini, qay darajada oʻz ustida ijodiy ishlashlarini va dars mashgʻulotlariga oʻquvchilarni qiziqtira olishlarini sinovdan oʻtkazadi. Shuningdek oʻquvchilarning mazkur fanlardan olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bogʻlashlariga, koʻnikma va malakasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu yil 28-fevral kuni 65-sonli maktabda ham fan oyligi doirasida “Al Xorazmiy izdoshlarimiz” deb nomlangan kecha tashkil etildi. Tadbirda yuqori sinflar oʻquvchilari maktabning matematika va informatika fani oʻqituvchilari Zaynab Yusupova, Olimjon Ollamberganov, Feruza Nurekeyeva, Aziz Nasrullayev, Guliston Qodirova, Muhabbat Madiyorovalar koʻmagida tayyorlagan yurtimizning Al Xorazmiy kabi aniq fanlarga oid dunyo ilm fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan alloma bobolarimiz haqidagi maʼruzalarini oʻqidilar. Maʼruzalarda Xorazmiy dunyo faniga gʻoyat katta hissa qoʻshganligi haqida soʻz yuritildi. Bobokalonimizning algebra fanining asoschisi boʻlganligini, “Algebra” soʻzining oʻzi esa uning “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” nomli risolasidan olinganligi, boshqa asarlaridan farqli oʻlaroq algebraik risolasining uchta qoʻlyozmasi saqlanganligini maʼlumot sifatida keltirib oʻtishdi. Maʼlumotlarga boy maʼruza oʻquvchi-yoshlarga juda manzur boʻldi.
Shundan keyin oʻquvchilarning matematika va informatika fanlariga oid bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Ilk topshiriq krossvord yechish edi. Bunda yashiringan soʻzlar aynan matematika va informatika fanlariga oid boʻlganligi sababli oʻquvchilar tezkorlik bilan topishga, dars mashgʻulotlarida olgan bilimlarini namoyish etishga harakat qildilar. Shuningdek, matematik savol-javoblar bellashuvi, qiziqarli matematik jumboqlarni yechish shartlari ijrosi ham juda hayajonli boʻldi.
Oʻquvchilar har bir shartni aniq va toʻgʻri bajarishga, gʻoliblikni qoʻldan bermaslikka harakat qildilar. Maktab oʻqituvchilar jamoasi va oʻquvchilar ularni qoʻllab-quvvatlab, gʻoliblik sari ruhlantirib turdilar. Shuningdek, tajribali aniq fanlar oʻqituvchilaridan tuzilgan hakamlar hayʼati aʼzolari berilgan savollarga aniq va batafsil javob berishlari va topshiriqlarni tezkor va puxta bajarishlariga qarab oʻquvchilar ishtirokini xolisona baholab bordilar. Oʻquvchilar oʻzlarining aniq fanlardan olgan bilimlarini namoyish etishlariga sharoit yaratgan ushbu tanlovning har bir bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etishga intildilar. Biroq sinovda, albatta, eng kuchlilar yutadi va bu boshqa oʻquvchilarni ham gʻoliblik sari undaydi.
Tadbirda bilimdonlikda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar maktab maʼmuriyati tomonidan ragʻbatlantirildi. Fan oyligi doirasida oʻtkazilgan tadbirlar oʻquvchilarning mazkur fanlarga boʻlgan qiziqishlarini oshirdi va yana ham chuqur bilim olishga undadi.
Mamlakatimizda ulgʻayib kelayotgan yosh avlodga yurtimiz taraqqiyotini, taqdirini hal qiluvchi kuch sifatida qaralmoqda. Chunki ertagi kunimizning egalari – yoshlardir. Shu boisdan ham oʻquvchi-yoshlarga puxta taʼlim berib, bilim asoslarini chuqur egallashiga xizmat qiluvchi buningdek tadbirlarni koʻproq oʻtkazish muvaffaqiyatlarga asos boʻladi.
O.PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶