BOLAJONLAR OʻZ ONALARINI “SIZ QUYoShIMSIZ, ONAJON!” DEYa ShARAFLADILAR
Barcha zamonlarda Onaga, Ayolga ehtirom koʻrsatish, ularning qadr-qimmatini baland tutish xalqimiz uchun eng aziz qadriyat hisoblanadi. Ayniqsa, Ona bilan bola oʻrtasidagi uzilmas mehr rishtasi, Ayol muhabbati va sadoqati haqida soʻz ochilganda qalblar junbushga keladi.
Darhaqiqat oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki ular bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
38-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan “Siz quyoshimsiz, Onajon!” deb nomlangan tadbirda ham onalarning jamiyatda va oilada tutgan oʻrni, farzandlar tarbiyasi, oila mustahkamligi yoʻlidagi fidoyiliklari madh etilib, muhtarama Onajonlar va opa-singillarni sharaflovchi dil soʻzlari izhor qilindi, ularga biri-biridan latif sheʼrlar bagʻishlandi.
Maktabning 2-“V”sinf oʻquvchilari va sinf rahbari Muhabbatxon Allaberganova tomonidan tayyorlangan bayramona tadbirda maktab sahnasi bahor gullari, turli tabiat manzaralari aks ettirilgan suratlar, bahor madhidagi sheʼriy bitiklar bilan bezatildi.
Oʻz farzandlarining chiqishlarini mehr va quvonch bilan tomosha qilgan ota-onalarga oʻquvchilar oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan guldastalarni taqdim qilganlarida barcha onaxonlar mamnun boʻlishdi. Tadbirni bolajonlarning sevimli oʻqituvchisi Muhabbatxon Allaberganova onalar va ayolllarni madh etuvchi sheʼrlar bilan boshladi.
Bayramona tabriklardan soʻng, oʻquvchilar oʻzlari tayyorlagan kontsert dasturini namoyish qildilar. “Shoʻx qizlar” raqsini ijro etgan qizaloqlarning bahor gullarini eslatuvchi shoʻx-shodon harakatlari barchaga bahoriy kayfiyat baxsh etdi. “Onajonimsiz”, qoraqalpoqcha “Shinqovuz”, “Oʻzbekiston – chempion” raqslarini maromiga yetkazib, mahorat bilan ijro etgan oʻquvchilarni tomoshabinlar gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.
Tadbirda onajonlarni madh etuvchi sheʼrlarga ham keng oʻrin berildi. Poʻlat Moʻmin, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev kabi xalqimizning ardoqli shoirlari ijodiga mansub ayollarni sharaflovchi sheʼrlar aytilib, qoʻshiqlar kuylandi. Ayniqsa, “Oyijon, yonimda boʻlsangiz bas” qoʻshigʻi yangraganida bayram tadbiriga taklif etilgan aziz va muhtarama onaxonlar bolajonlarning yoqimli ijrolaridan toʻlqinlanib, olqishlar bilan oʻz minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Tadbir yakunida oʻquvchilar onajonlarini yana bir bor bayram bilan muborakbod etishdi. Onajonlar ham oʻz navbatida Ayolga cheksiz ehtirom tuygʻulari ulugʻlangan bayram tadbiri qalblariga quvonch bagʻishlaganini izhor qildilar.
Ulugʻ shoirimiz Erkin Vohidov aytganlaridek, “Olamda ayol madhiga doston tugamaydi”. Chunki, ayol siymosi Yaratganning tengsiz moʻʼjizasi boʻlib kelgan va hamisha shunday boʻlib qoladi.
Boʻlib oʻtgan tadbir ham barchada bahoriy kayfiyat uygʻotib, qalblarga quvonch bagʻishladi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶