“NAVOIY VA BOBUR ASARLARINI OʻRGANAMIZ” MAVZUSIDA TADBIR OʻTKAZILDI
Xalqimizning ikki buyuk farzandi – A.Navoiy va Z.M.Bobur dahosiga ehtirom koʻrsatish, asarlarini ilmiy tadqiq etish, boy maʼnaviy merosini oʻrganish bugungi kunda adabiyotshunos olimlar oldidagi juda katta vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining Navoiy va Bobur asarlarini mazmunan va mohiyatan chuqur anglab yetishlarida Navoiyshunos va Boburshunos olimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar muhim ahamiyatga ega.
Fevral oyi, shuningdek butun oʻquv yili davomida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari tomonidan tashkillashtiriladigan Navoiyxonlik va Boburxonlik kechalarida oʻqituvchi va oʻquvchilar nafaqat ikki buyuk shoir ijodi, balki Navoiyshunos va Boburshunos olimlar tomonidan nashr etilgan ilmiy-maʼrifiy nashrlar haqida ham soʻz yuritadilar.
Tumanimizdagi 83-sonli umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan “Navoiy va Bobur” nomli adabiy kechada oʻquvchi-yoshlar ikki buyuk daho ijodi, hayoti va faoliyati haqida soʻz yuritish bilan birga Navoiy va Bobur ijodini ilmiy tadqiq qilgan holda oʻz tadqiqotlari bilan oʻzbek va jahon mumtoz adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan adabiyotshunos olimlarning ilmiy-maʼrifiy asarlaridan iqtiboslar keltirishib, Navoiyshunos olima, Oʻzbekiston Qahramoni Suyuma Gʻaniyeva tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar haqida hikoya qildilar. Tadbirda soʻzga chiqqan maʼruzachilar oʻzbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy va Bobur Mirzo asarlarida har bir soʻz mazmun-mohiyatiga qanchalik katta eʼtibor qaratilgani haqida ham soʻz yuritar ekan, ona tilimizni hamisha asrab-avaylash lozimligini alohida taʼkidladilar.
Shuningdek, Boburning “Boburnoma” tarixiy-memuar asarining bugungi kunda ham katta badiiy qimmatga ega ekanligini asardan parchalar keltirish orqali ifoda etdilar.
Tadbirda Navoiy va Bobur gʻazallari, tuyuq va ruboiylari oʻquvchilar tomonidan ifodali oʻqib berildi. Navoiy va Bobur hayoti, faoliyati, ijod lahzalarini aks ettiruvchi sahna koʻrinishlari namoyish etilib, ikki buyuk shoir dahosiga chuqur ehtirom koʻrsatildi. Yirik davlat va jamoat arbobi, buyuk shoir A.Navoiy shoh va shoir, tarixchi va etnograf, biolog va dorishunos, jugʻrofiya ilmining bilimdoni Bobur hayoti va ijodiga bagʻishlangan ushbu tadbir oʻquvchi-yoshlar qalbida ona yurtga muhabbat, oʻzaro mehr-oqibat, vafo va sadoqat tuygʻularini uygʻotibgina qolmay, ilm-u maʼrifatga chorlashi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Boʻlib oʻtgan tadbirni maktabning til va adabiyot fani oʻqituvchisi Nilufar Ortiqova yuqori sinf oʻquvchilari bilan hamkorlikda tayyorladi.
Nilufar Ortiqova tadbirga tayyorlanish jarayonida oʻquvchilar bilan Navoiy va Bobur ijodi boʻyicha darsdan tashqari mavzularga ham alohida eʼtibor qaratgani, ikki buyuk ajdodimizning maʼnaviy merosi bugungi kunda ham oʻz qimmatini yoʻqotmaganini, Navoiy va Bobur asarlari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilinib, hamonki jahon xalqlari tomonidan sevib oʻqilayotganini misollar tariqasida koʻrsatib berilgani tadbirning gʻoyaviy-tarbiyaviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Buyuk ajdodlarimiz hayoti va ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan mazkur tadbir barchada iliq taassurot qoldirdi.
R.YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶