HAYoTDA HAMMANING HAM EMIN-ERKIN YaShASh HUQUQI BOR
Sud idoralari tomonidan sudlov jarayonida qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, ochiq tarzda oʻtkazilayotgan sayyor sud majlislari fuqarolarni yanada hushyor va ogoh boʻlishga chaqirmoqda.
Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi binosida shu yilning 5-fevralida yoʻl-transport hodisasiga doir jinoyat ishini muhokama etishga bagʻishlangan ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs otasi nomida boʻlgan avtomashinani ishonchnoma orqali boshqarib borayotib, yoʻl-transport hodisasiga sababchi boʻlgan. Voqea 2019-yil 25-sentyabr kuni “Qipchoq-Mangʻit-Turkmaniston” chegarasigacha boʻlgan magistral yoʻlining Bosuv mahallasi hududida sodir boʻldi. Bu paytda haydovchi mashina tezligini meʼyoridan oshirganligi sababli, ushbu yoʻlni piyodalar oʻtish joyi yaqinidan yoʻlning sharq tomonidan gʻarb tomoniga kesib oʻtayotgan keksa ayolni va uning nevarasini avtotransport vositasining old chap tomoni bilan urib yuborgan. Natijada piyoda ayol hodisa joyida vafot etdi, voyaga yetmagan nevarasi esa tan jarohati olib kasalxonada yotib davolandi.
Bu bilan haydovchi amaldagi yoʻl harakati qoidalarining 11-bandidagi “Transport vositasining haydovchisi harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, qariyalar va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini koʻrishga majburdir”, 77-bandidagi “Haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yoʻl va ob-havo sharoiti, shuningdek, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilanganidan oshirmasdan boshqarishi kerak”, deb koʻrsatilgan talablariga xilof ravishda harakat qilgan. Shuningdek, 109-bandidagi “Tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyiga yaqinlashayotgan transport vositasining haydovchisi qatnov qismini kesib oʻtayotgan piyoda(lar)ni oʻtkazib yuborish uchun tezligini kamaytirishi yoki toʻxtashi shart” deb koʻrsatilgan qoidani ham qoʻpol ravishda buzgan.
Mazkur jinoyat ishi yuzasidan oʻtkazilgan ochiq sud majlisida haydovchining yoʻl qoʻygan xatolari batafsil muhokama etildi. Bunda uning Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi, biroq aybiga toʻliq iqrorligi, qilgan ishidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli, jabrlanuvchining qonuniy vakilining kechirim berganligi inobatga olinib, aybiga yarasha jazo tayinlandi.
Sud majlisida bu kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi. Yoʻl-transport hodisalari baʼzan begunoh odamlarning hayotdan koʻz yumishiga, baʼzan bir umr nogiron boʻlib qolishiga sabab boʻlayotganligi, emin-erkin yashashga hammaning ham haqqi bor ekanligini unutmaslik lozimligi taʼkidlandi.
S. Davletmurodov, Jinoiy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶