14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni BOʻLGʻUSI VATAN HIMOYaChILARINING USTOZI
Ona Yurt himoyachisi. U Vatan taraqqiyoti, xalq osoyishtaligi va tinchligini saqlashdek muqaddas burch tuygʻusi bilan yashaguvchi inson. Uning orzu-niyatlari ham, intilishlari ham Vatan, xalq taqdiri, kelajagi bilan bogʻliq. Hayotini Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishdek buyuk vazifani ado etishga bagʻishlagan Ona yurt himoyachilari boʻlish har bir yigitning eng katta orzusi.
\Xolimbeg ovulidagi 17-sonli umumtaʼlim maktabining chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash va jismoniy tarbiya boʻyicha rahbari Tursunboy Tagayev bolaligidanoq ana shunday orzu ogʻushida yashadi. 1983-yilda Buxoro Davlat pedagogika institutining boshlangʻich harbiy taʼlim va jismoniy tarbiya fakultetiga oʻqishga kirdi. Qatʼiy harbiy intizom asosida olib boriladigan institut tahsili jarayonida shuni anglab yetdiki, haqiqiy Vatan himoyachisini tarbiyalash – Vatan sarhadlarida sobit askarlar xizmatidan ham masʼuliyatliroqdir. Chunki Ona yurt himoyasiga har jihatdan yetuk, jismonan kuchli yigitlarni saralash umumtaʼlim maktablaridan boshlanadi.
U 1988-yilda institutni muvaffaqiyatli tugatib, boshlangʻich harbiy taʼlim va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi sifatida ilk mehnat faoliyatini boshladi. Nafaqat oʻzi tugʻilib-oʻsgan Xolimbeg ovulida, balki tumanimizning Qilichboy mavzesida Tursunboy Tagayev oʻz dars oʻqitish uslubi, ayniqsa, chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash boʻyicha olib boradigan mashgʻulotlaridagi izchillik va aniqlik tufayli tanildi. Oʻquvchilari esa harbiy taʼlim va jismoniy tarbiya darslarining bilimdonlariga aylanishdi.
Fidoyilikning, ayniqsa, taʼlim-tarbiya sohasidagi halol mehnatning qadri hamisha baland. 2019-yilning 1-oktyabr sanasi - Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Tursunboy Tagayev Qoraqalpogʻiston Xalq taʼlimi aʼlochisi koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Uning yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi fidoyi mehnati bir necha marta yuqori tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi Vazirligi tomonidan eʼtirof etilib, faxriy yorliqlar bilan mukofotlandi.
Darvoqe, Xolimbeg ovulida harbiylar oilalari safi anchagina. Tursunboy Tagayevning shogirdlaridan Jamol Bobojonov, Karomaddin Doʻsiyevlar harbiy sohani tanlashgan va Oʻzbekistonning turli hududlaridagi harbiy qismlarda xizmat qilishmoqda. Xolimbegliklar farzandlarining Ona yurt himoyachisi boʻlishdek sharafli kasbni tanlashlarida qariyb 31-yildan beri yoshlar qalbida vatanparvarlik gʻoyalariga sadoqat tuygʻusini uygʻotib, maʼnan va jismonan yetuklik sari undab, taʼlim va tarbiya berib kelayotgan yuzlab insonlarning sevimli ustozi, vatanparvarlikning haqiqiy targʻibotchisi Tursunboy Tagayevning munosib hissasi bor.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶