“ONA TILIM - BUYuKLIKDA ENG BALAND TOGʻSAN!”
1989-yilning 21-oktyabri mamlakatimiz hayotida unutilmas sana boʻlib qoldi – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu oʻz ona yurtida oʻzga tilda ish yurtishga, hujjat toʻldirishga va ayrim hollarda soʻzlashga majbur boʻlib kelgan xalqimiz uchun chinakam quvonchli voqea edi.
Xalqimizning asriy orzusi ushalgan, oʻz ona tili davlat tili deb eʼtirof etilgan kun 30-yildirki ulkan bayram qilinadi.
Sana munosabati bilan tumanimizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Boisi aynan maktablarda oʻquvchilarga boshlangʻich sinflardan boshlab ona tili darslarini chuqur oʻrgatish, tilimizni hurmat qilishga, sofligini saqlashga, ardoqlashga oʻrgatish juda muhim.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan 18-oktyabr kuni 76-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham “Ona tilim – buyuklikda eng baland togʻsan!” deb nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Avvalo shuni eʼtirof etish kerakki, tumanimizdagi eng kenja taʼlim muassasalaridan biri boʻlgan ushbu maktab binosi zamonaviy uslubda qurilgan, fan xonalari, toʻgaraklar uchun xonalar va sport zaliga, qisqa qilib aytganda, oʻquvchilarga bugungi kun talablari darajasida taʼlim-tarbiya berish uchun barcha sharoitlarga ega.
Muassasada 22 ta sinf va 550 nafar oʻquvchi bor. 58 nafar oʻqituvchilarning 55 nafari oliy toifaga ega. Yaʼni, oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berishda yetarli tajriba va mahoratga ega. Ularning saʼy-harakatlari bois maktab oʻtgan vaqt mobaynida tumanimizdagi ilgʻor maktablar qatoridan joy oldi. Oʻquvchilar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining, shuningdek, “Dono” nashriyoti taʼsis etgan bilimdonlik, kitobxonlik tanlovlarida, bilimlar sinovlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichlarida bahslashib, quvonarli yutuqlarga erishayapti.

Maktabda Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyevning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish borasida ilgari surgan beshta tashabbusi ijrosini taʼminlash maqsadida tasviriy sanʼat, hunarmandchilik, sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, kitobxonlikni targʻib etuvchi tadbirlar kutubxonada tez-tez oʻtkaziladi. 5600 ta kitob fondiga ega kutubxona oʻquvchilar xizmatida. Maktabning ikki nafar oʻquvchisi Javohir Bahramov sportning karate ,Shohjahon Mamatsoliyev esa shaxmat turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati sovrindorlari. Maktabda ularning yutuqlari aks etgan burchak mavjud.


Jismoniy tarbiya oʻqituvchilari Gulshirin Ismoilova, Rasul Xoʻjamurodov, Mahmud Ismoilovlar barcha bolalar bilan muntazam shugʻullanib, iqtidorini yuksaltirishga harakat qiladilar.
Oʻquvchilarga puxta oʻqib-oʻrganishga motivatsiya berish, mantiqiy fikrlash qobiliyatini yuksaltirish maqsadida yuqori sinflar oʻquvchilari orasida “Zakovat” intellekual oʻyini muntazam oʻtkazilib turiladi. Bunga rus tili oʻqituvchisi Samad Baxtiyorov rahbarlik qiladi.

Muassasada turli bayramlar, muhim sanalar munosabati bilan tadbirlar oʻtkazilib, oʻquvchilarning oʻz qobiliyatlarini namoyish etishlariga alohida eʼtibor beriladi.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi ham maktabda munosib nishonlandi.
- Bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatishni 1-sinfga kelgan paytidanoq harflarni chiroyli yozishni oʻrgatishdan boshlash kerak. Men oʻquvchilarimga oʻzbek tilidagi harflarni chiroyli, toʻgʻri yozish – ona tilimizga hurmatimiz boʻladi, deb oʻrgataman, - deydi maktab boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Nodira Yeshmonova.
Bayramona bezatilgan maktab majlislar xonasida boʻlib oʻtgan tadbir “Ona tilim - buyuklikda eng baland togʻsan!”, deb nomlangan. Muassasa direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Dilfuza Yoqubova tadbirni ochdi, oʻzbek tili millatimiz qiyofasini belgilab beruvchi vosita ekanligini taʼkidlab, qadim ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan bu bebaho boyligimizni qadrlashga, chuqur oʻrganishga daʼvat etdi.
Sahnada oʻquvchilar alloma shoirlarimizning oʻzbek tili ulugʻlangan sheʼrlarini ijro etdilar, ibratli soʻzlarini ifodali oʻqidilar.

Maktab badiiy havaskorlari ijrosida kuy-qoʻshiq, raqslar ijro etildi.
Tadbir oʻquvchilarni ona tilimizni mukammal oʻrganishga, hurmat bilan munosabatda boʻlishga daʼvat etdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶