QATʼIY QAROR
Ishdan qaytayotgan Raʼno opaning bugun negadir kayfiyati yoʻq. Qizi kecha qaynonasi bilan janjallashib, ikkita bolasi bilan uyiga kelganidanmi, qoʻni-qoʻshnilarning pichir-pichirlaridan koʻngli behuzur boʻlib ketdi. Qoʻshnilarning ayrimlari uni aybdor qilayotgandek, ayrimlari unga achingandek tuyuldi.
Raʼno opa koʻp oʻylandi. Oʻzi beva ayol boʻlsa, nima qilsin endi? U ikki farzandli qizini qaynonasinikiga olib borishni ham, olib bormaslikni ham bilmasdi. Shunda rahmatli erini esladi. Agar u hayot boʻlganida qanday yoʻl tutgan boʻlar edi? Xayollarga berilib ketgan Raʼno opa nevaralarining unga nimadir deyishayotganini ham sezmadi. Ular chugʻur-chugʻur qilib nimalarnidir buvisidan soʻrar edilar. Shu payt qizi Zilola kirib keldi. Buvisiga xarxasha qilayotgan bolalarga qarab baqirdi. Bolalar jim boʻlib qolishdi. Bu zardaning ortida nima bor ekanligini Raʼno opa yaxshi bilar edi. Shuning uchun qiziga hech narsa demadi.
Kechki payt Raʼno opa Zilolani yoniga chaqirib:
– Qizim, men sening koʻnglingga tegadigan gap aytmayman, – dedi bosiqlik bilan, – sen qanday qaror qabul qilsang, qaroringga qarshi chiqmayman, lekin bu hayot shunday beshafqatki, koʻnglimizga ozor berib, dilimizni vayron qilganini sezmay qolamiz. Lekin biz kutmagan paytda oʻzining kutilmagan hadyalarini ham bizga tortiq qiladi.
Bir daraxt bor ekan. Bu daraxtni koʻpchilik sugʻurib tashlashni maʼqul koʻrishibdi, lekin qancha urinishmasin olib tashlasholmabdi. Yillar oʻtibdi. Bir kuni qattiq yomgʻir yogʻibdi. Oʻsha daraxtni kesishni maslahat bergan odamni daraxt oʻz panasiga olibdi.
Qizim, qissadan hissa shuki, bir kun kelib, albatta, sen ham shu daraxt kabi kimlarningdir rahmatiga sazovor boʻlasan, faqat sabrli, irodali boʻlsang bas. Ikkala farzandingning ertangi kuni sening bir ogʻiz qilgan qaroringga bogʻliq.
Zilola uzoq oʻyladi. Tong otdi. Raʼno opa uygʻonib tashqariga chiqqanida Zilola ikkita farzandini olib yoʻlakda turardi. U oilasi bagʻriga qaytishga qaror qilgandi.
M.OʻRINBOYeVA,
70-maktab psixologi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶