Mast holda doʻstini doʻpposlagan fuqaroga jazo tayinlandi
Spirtli ichimlik inson ongini sustlashtiradi. Uni haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish esa salomatlikka ziyon yetkazish bilan birga turli koʻngilsizliklarni ham keltirib chiqaradi.
Oʻsha kuni toʻyga borgan Diyorbek (ismlar oʻzgartirilgan) spirtli ichimlikning zararli oqibatlarga olib kelishini bilsa ham oʻzini tiyishni aslo oʻylamadi. Ichkilikka rosa toʻyib olganidan keyin toʻydagi oʻyin-kulguga biroz qoʻshilgandek boʻldi. Ammo birdan doʻsti Otabekning oʻzi haqida boʻlmagʻur gaplar tarqatib yurgani esiga tushib ketdi. Ichkilik taʼsirida uning jahli qoʻzgʻaldi. Har galgidan oʻzini kuchliroq his qilib, doʻstidan alamini olishga ahd qildi va Otabekni izlab uning ishxonasiga keldi.
Hech narsadan xabarsiz ishda yurgan Otabekni ishxona qorovuli chaqirib qoldi va uni tashqarida kimdir kutib turganini aytdi. Tashqarida turgan Diyorbekni koʻrgan Otabek darhol unga peshvoz chiqdi. Gap nimadaligini anglashga ulgurmagan yigitni Diyorbek chetroqqa tortdi va kutilmaganda unga tashlanib, doʻpposlay ketdi. Janjal oqibatida har ikkalasi ham yengil tan jarohati oldilar.
Ichkilik tufayli aqlini yoʻqotgan Diyorbek va unga qoʻshilib janjal sodir qilgan Otabek bu harakatlari tufayli Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblandilar.
Ammo sud jarayonida bu huquqbuzarlarga nisbatan ularning oʻz aybiga iqror boʻlganligi, qilmishidan pushaymonligi, keyinchalik yarashganligi, oilaviy ahvoli va muqaddam javobgarlikka tortilmaganligi inobatga olinib, tegishli moddalarda nazarda tutilgan, koʻrsatilgandan kamroq jazo tayinlash lozim deb topildi. Huquqbuzarlik sodir qilgan Diyorbek va Otabekka Maʼmuriy ishlar boʻyicha sud qaroriga koʻra jarima jazosi tayinlandi.
Ichkilik taʼsirida arzimagan narsadan janjal chiqarib, axloq qoidalariga amal qilmagan Diyorbek oʻrinsiz qilgʻiliklari tufayli nafaqat oʻziga, balki oilasiga ham moddiy ziyon yetkazdi.
M.KARIMBOYeVA, tuman Maʼmuriy sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶