OROLBOʻYI AHOLISINI EKOLOGIK VAZIYaTDAN ENDI 500 MING GEKTARLIK OʻRMONZORLAR MUHOFAZA QILADI
Mamlakatimizda keyingi yillarda inson omiliga eʼtibor va gʻamxoʻrlik tobora kuchaytirilayotganligi nafaqat yurtdoshlarimiz, xalqaro miqyosda ham tan olinayapti. Bu har birimiz uchun quvonarli, ertangi kunimizdan koʻnglimiz xotirjam boʻlishiga asos boʻladi, albatta. Biroq meni keyingi yillarda Orol dengizining tobora qurib borayotgani munosabati bilan ekologik vaziyatning tobora yomonlashib borayotgani juda tashvishlantiradi. Ayniqsa, 2018-yil yozi boshida ikki marta sodir boʻlgan toʻfon, toʻfon bilan yopirilib kelgan tuzlar oqibatida dehqonchilikka jiddiy zarar yetgani koʻpchilikni xavotirga solib qoʻydi.
Juda yaxshi eslayman, oʻsha toʻfon sodir boʻlgan ikkala kunda ham nafas olganimizda havo bilan birga kirgan tuzlar dimogʻimizni necha kun behuzur qilib yurgan edi. Nogiron boʻlib tugʻilgan goʻdaklar, sogʻligʻida koʻplab muammolar uchrayotgan odamlarga duch kelganimda bu xavotirim battar kuchayar edi. Axir bu zaminda kelgusida bizning farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimiz umrguzaronlik qiladi. Bu bir mening emas, koʻpchilikning koʻnglidan oʻtadigan kechinmalar.
2019-yilda amalga oshiriladigan ishlarning bosh rejasini belgilab bergan mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shu yil 28-dekabr kungi Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik masala alohida eʼtibor berilganini eshitib, koʻnglim togʻday koʻtarildi. Ayniqsa, Orol dengizining qurigan hududida 500 ming gektar yerda shoʻrga chidamli daraxtlar koʻchatlari oʻtqazilishini, oʻrmonzor barpo etishini eshitib, hududimizda ekologik vaziyat yaxshilanishiga ishondim va xotirjam tortdim. Chunki Orol dengizining qurishidan eng koʻp jabr koʻrayotgan ham aynan bizning hududimiz aholisi desam, adashgan boʻlaman. Bu narsa ayniqsa, aholi salomatligida namoyon boʻlayotirgani bor gap.
Yurtboshimizning bu galgi Murojatnomasi mamlakatimizda barcha sohalarni ham yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan har bir yurtdoshimizning koʻnglidan chuqur joy egallaydi va ezgu ishlarga ruhlantiradi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶