EL YoDIDA BARHAYoT INSON
Inson umri davomida umum manfaati yoʻlida mehnat qilsa, halol yashab, oʻzidan yaxshi nom qoldirsa, xizmatlarini el eʼtirof etsa, qanday yaxshi! Axir inson umri uzun yo qisqaligi bilan emas, balki mazmuni bilan oʻlchanadi. Shuning uchun ham hayotda ezgu ishlar qilib yashamoq lozim.
“Yomon ham oʻtar, yaxshi ham bil,
Seni yaxshi nom birla yod etsin el”, deb yozgan edi Saʼdiy.
Tumanimizning Kuyuk koʻpir ovuli tarkibidagi Qizilcholi mahallasida dunyoga kelib, qisqa umri davomida oʻzidan yorqin xotiralar qoldirishga erishgan Nurulla Oʻtaganov ham amalga oshirgan ezgu ishlari bilan barhayot.
U 1956-yilda tugʻildi. Oʻrta maktabni tamomlab, Toshkent Avtomobil yoʻllari institutiga oʻqishga kirdi va 1979-yilda muvaffaqiyatli tugatib, yoʻl qurilishi muhandisi ixtisosligiga ega boʻlib tumanimizga qaytdi. 1979-1980-yillarda tuman avtomobil yoʻllari ustasi, 1980-1983-yillarda tuman magistral yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha uchastka boshligʻi, 1983-1987-yillarda tuman avtomobil yoʻl qurilish uchastkasi bosh injeneri, 1987-1992-yillarda tuman yoʻl qurilish boshqarmasi boshligʻi, 1993-2007-yillarda tuman magistral yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha uchastka boshligʻi, 2007-2009-yillarda tuman avtomobil yoʻl qurilish uchastkasi bosh injeneri boʻlib ishladi.
U qanday lavozimda boʻlsada, oʻziga topshirilgan vazifani sidqidildan ado etishga intildi, oʻz fikriga ega mutaxassis, qoʻl ostidagi ishchi-xizmatchilarga gʻamxoʻr rahbar edi.
Nurulla Oʻtaganov oʻtgan asrning saksoninchi-toʻqsoninchi yillarida taʼmirlanishi rejaga kiritilayotgan yoʻllarning toʻgʻrilanishi lozim boʻlgan joylarini koʻrsatib, mutaxassis sifatida bu ishning amalga oshirilishi ahamiyatini isbotlab bergan. Biroq oʻsha vaqtda paxta yakkahokimligi avj olgani sabab, ayrim yoʻllarni toʻgʻrilash paxta dalalariga toʻgʻri kelgani uchun rad etilgan, ayrim takliflari inobatga olinib, yoʻllardagi keskin burilishlar toʻgʻrilangan va avtotransport vositalarining meʼyorda harakatlanishi uchun sharoit yaratilgan.
U oʻz kasbining bilimdoni va jonkuyari edi. El ishonchini qozonib, xalq deputatlari tuman Kengashiga deputat boʻlib ham saylangan. Turmush oʻrtogʻi Enajon Shomurodova bilan ikki oʻgʻil, uch qiz koʻrib, elga munosib qilib tarbiyalashga intildi, toʻngʻich qizi oliy maʼlumotli oʻqituvchi boʻlib, katta oʻgʻli oʻzining sohasi boʻyicha endi ish boshlagan kezlarda, 2009-yilda kasallik tufayli vafot etdi.
Bugun Nurulla Oʻtaganov oramizda yoʻq. Biroq, butun el uni yurtning bir jonkuyar va mehnatkash oʻgʻloni sifatida yod etadi, unutmaydi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶