Isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish – shu kunning muhim vazifasi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar jarayonida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda.
Ayniqsa Asosiy qonunimiz – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qatʼiy belgilab qoʻyilgani diqqatga sazovordir. Bunday siyosat mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy dasturida koʻzda tutilganidek, aholi hayot sifatini yaxshilashda muhim omil boʻlayotir.
Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni esa fuqarolarda isteʼmol madaniyatini yuksaltirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Amudaryo tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan ham bu borada bir qancha ishlar amalga oshirilayapti.
Tumanimizda isteʼmolchilarning huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha koʻplab maʼrifiy tadbirlar, seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazib kelinmoqda.
2018-yilning oʻtgan 9 oyi davomida tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Oʻzbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish va targʻib qilish boʻyicha 3 ta oʻquv seminari va boshqa tadbirlar oʻtkazildi. 31-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan “Men yosh isteʼmolchiman” deb nomlangan koʻrik-tanlov orqali yoshlarda isteʼmolchi va uning haq-huquqlari haqidagi tushunchalar shakllandi.
Shuningdek, jamiyat tomonidan joylarda Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni boʻyicha ham 3 ta davra suhbati oʻtkazildi.
Ushbu tadbirlarda isteʼmolchi huquqlari buzilgan taqdirda nima qilish kerakligi, isteʼmolchi huquqlari qayta tiklanmasa, u vakolatli davlat tuzilmalari, mahalliy hokimiyat organlari yoki bevosita sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi, shuningdek, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishlari mumkinligi haqida tushunchalar berildi.
Jamiyat xodimlari muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida chiqishlar uyushtirib, aholining huquqiy bilimlarini oshirishga eʼtibor qaratib kelmoqda.
Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish, ularning yechimini topishda hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida jamiyatimizda 61-515-10-91 raqamli “Ishonch telefoni” tashkil etildi. Bu “Ishonch telefoni” isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga taalluqli murakkab masalalarni hal etishga yordam bermoqda.
2018-yilning III choragida jamiyatimizga jismoniy va yuridik shaxslardan 32 ta shikoyat va ariza kelib tushgan boʻlsa, ularning 12 tasini “Ishonch telefoni” orqali qabul qilingan murojaatlar tashkil etadi. Jamiyatimizga kelib tushgan 32 ta murojaatning barchasi oʻz vaqtida koʻrib chiqildi va isteʼmolchilar foydasiga hal etildi.
Biz bundan keyin ham aholi oʻrtasida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir amaldagi qonun hujjatlari targʻibotini hamda aholining isteʼmol madaniyatini oshirish borasida davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada yaxshilashga harakat qilamiz.
Ikrom XUDOYoROV, tuman isteʼmolchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyati raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶