“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MARKAZI –QORAQALPOGʻISTONDA ENG NAMUNALI MUASSASA
Iqtidor va qobiliyat har bir insonda bolalikdan shakllanadi. Bu xislatlar imkoniyat va muhitga qarab rivojlanadi va oʻzini namoyon qiladi. Tumanimizdagi “Barkamol avlod” bolalar markazi bolalardagi iqtidorni yuzaga chiqarib, qobiliyatlarini yanada rivojlantirishlari uchun imkoniyat va mahorat maktabi vazifasini oʻtamoqda.
Markazda “Badiiy ijodiyot”, “Texnik ijodiyot”, “Oʻlkashunoslik va ekologiya” hamda “Chet tili” yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan toʻgaraklarda hunar oʻrganib, bilim olayotgan bolajonlar uchun yetarli sharoit yaratilgan. Toʻgaraklar oʻtkaziladigan xonalar zarur jihozlar bilan taʼminlangan.
– Har bir toʻgarak rahbari oʻz yoʻnalishi boʻyicha tegishli uslubiy qoʻllanmalar tayyorlab, mashgʻulotlarni asosan shu boʻyicha olib borishadi –, deydi markaz direktori Xonimjon Rajabova. – Yangi pedagogik texnologiyalar asosida tayyorlangan uslubiy qoʻllanmalarga har oʻquv yilida yangi oʻzgartirishlar kiritib boriladi.
Oʻquvchilardagi yashirin isteʼdodlarni yuzaga chiqarib, ularning oʻziga boʻlgan ishonchini yanada oshirish va koʻrsata bilishga oʻrgatish asosiy vazifamizdir.
Bugungi kunda markazda hunar oʻrganayotgan bolajonlar turli koʻrik-tanlovlarda ishtirok etib, katta yutuqlarni qoʻlga kiritishmoqda.
Markazdagi “Yosh ekolog” toʻgaragi aʼzolaridan tashkil topgan “Amudaryo” jamoasi Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Bolalar va suv” ekofestivalida faxrli 2-oʻrinni egalladi. Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Ekologiya bolalar nigohida” ekofestivalida “Karving” yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etgan markaz oʻquvchisi Bekposhsha Abdullayeva sertifikat bilan taqdirlandi. Nukus shahrida oʻtkazilgan “Varraklar sayli” musobaqasida ishtirok etgan oʻquvchilardan Usmon Xolmurodov 1-oʻrinni, Asadbek Rajabov 2-oʻrinni, Jahongir Hayitboyev 3-oʻrinni egalladi.
“Zarb” yosh doirachilar koʻrik-tanlovining Fargʻona shahrida oʻtkazilgan bosqichida 9 nafar toʻgarak aʼzolaridan tuzilgan guruh oʻz mahoratini koʻrsatib, faxrli 3-oʻrin gʻolibi boʻldilar. “Yosh jurnalist va notiq” toʻgaragi aʼzosi Yorqinoy Kenjaboyeva esa Nukus shahrida oʻtkazilgan “Yashil sayyoramiz oʻz qoʻlimizda” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston bosqichida 1-oʻrinni egalladi.
Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Yilning eng yosh ixtirochisi” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etgan Jahongir Hayitboyev 3-oʻrin gʻolibligini qoʻlga kiritdi. “Milliy raqslar” koʻrik-tanlovining Qoraqalpogʻiston bosqichida qatnashgan Guliraʼno Oʻrinboyeva yakka ijro yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin gʻolibi boʻldi va tanlovning Respublika bosqichiga yoʻllanma oldi.
Yangi isteʼdod egalarini kashf etib kelayotgan “Barkamol avlod” bolalar markazi bu yil Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Eng namunali “Barkamol avlod” bolalar markazi” deb topildi. Ayni kunlarda markazda mashgʻulot oʻtish uchun yaratilgan sharoitlarni, toʻgarak rahbarlarining oʻquvchilar bilan oʻtkazadigan mashgʻulotlari, tayyorlangan uslubiy qoʻllanmalarini, oʻquvchilarning ijodiy ishlarini barcha tumanlardagi “Barkamol avlod” bolalar markazlariga namuna qilib koʻrsatish maqsadida koʻrgazmali seminar oʻtkazishga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
O.XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶