Diqqat tanlov: Faol tadbirkor – ijodkor nigohida
Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida kompleks islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha keng chora-tadbirlar qoʻllanilyapti.
Ushbu choralar samaradorligi hamda natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ham ijobiy baholanyapti. Jahon bankining “Biznesni yuritish – 2018” hisobotida Oʻzbekiston tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi oʻntalikka kiritildi.
Bu yurtimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik subʼektlari huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash borasida qilinayotgan izchil ishlar natijasidir.
“Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi yurtimiz ishbilarmonlarini qoʻllab-quvvatlash borasida yana bir ijobiy ishga qoʻl urdi. OʻzLiDeP tomonidan “Faol tadbirkor – ijodkor nigohida” respublika ijodiy tanlovi eʼlon qilindi.
Mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini, shu jumladan, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilayotgan, faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, yaʼni zamonaviy yondashuvlar, ilgʻor texnologiyalar asosida shakllantirib, boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan, bir soʻz bilan aytganda, zamonamiz qahramonlari deyishga arziydigan ishbilarmon, tadbirkor, fermerlar siymosini yaratishga chogʻlangan ijodkor-qalamkashlar ushbu tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov “Eng yaxshi badiiy asar”, “Eng yaxshi publitsistik maqola”, “Eng yaxshi videorolik” yoʻnalishlarida oʻtkaziladi.
Har bir yoʻnalishda gʻolib va sovrindorlar aniqlanadi hamda ularga diplom va pul mukofotlari topshiriladi.
1-oʻrin gʻolibiga eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida;
2-oʻrinni qoʻlga kiritganga eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida;
3-oʻringa sazovor boʻlganga eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida pul mukofoti mavjud.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tadbirda “Yosh tadbirkor obrazini yaratgan eng yaxshi asar uchun” hamda “Zamonaviy tadbirkor asl obrazini yaratgan eng yaxshi asar uchun” nominatsiyalari boʻyicha ragʻbatlantiruvchi mukofotlar ham taʼsis etilgan.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy materiallar 2018-yilning 1-noyabriga qadar Toshkent shahri, Nukus koʻchasi, 73-“a” uy, Tadbirkorlar va ishbilarmoilar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi manziliga yuborilishi lozim.
Tanlovning gʻolib va sovrindorlari 2018-yil 8-dekabr – Oʻzbekiston Pespublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi bayrami arafasida maʼlum qilinadi.
O’zLiDeP Qoraqalpogʻiston Pespublikasi Kengashi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶