SOBIR OTA – BIZNING FAXRIMIZ
Ikkinchi jahon urushi eng qizgʻin pallaga kirgan bir davrda, 1942-yilning sentyabr oyida koʻplab vatandoshlarimiz qatori mangʻitlik Sobir Nurullayev ham Vatan himoyasiga otlandi...
Endigina 18 yoshga toʻlgan yosh jangchi dastlab Omsk shahridagi tankchilar bilim yurtida taʼlim oldi. Bu yerda u tankni boshqarish, janglarda uning oʻqotar qurolidan foydalanish sirlarini puxta oʻrgandi. Bir oy ichidayoq haqiqiy tankchiga aylangan yosh jangchi oʻziga topshirilgan tank yordamida quroldosh doʻstlari bilan birgalikda dushmanga qaqshatqich zarbalar berdi. Shundan keyin u bir qancha vaqt piyodalar qoʻshinida pulemyotchi vazifasini ado etdi.
Jasur jangchi Sobir Nurullayev gʻalaba haqidagi xabarni Chexoslovakiya mamlakatini dushmandan tozalashda ishtirok etayotgan paytida eshitdi.
– Biz janglarda ishtirok etayotgan paytimizda faqat gʻalaba sari intilishga, dushmanni tor-mor qilib, Vatanni omon saqlab qolishga harakat qilardik, – deydi Sobir ota Nurullayev oʻsha qirgʻinbarot urushlar davrini eslarkan. – Shu bois ham hech kimning joni koʻziga koʻrinmasdi. Men ikki marta oyogʻimdan va qoʻlimdan yarador boʻlib, gospitalda davolandim. Sal yaxshi boʻlishim bilan yana jangga otlanardim. Men urush tugagandan keyin 1947-yilgacha ozod qilingan mamlakatlar chegaralarini tiklashda xizmat qildim va oʻz yurtimga eson-omon qaytib keldim.
Sobir ota Nurullayev 1947-yilda yurtiga qaytib kelgach, 1967-yilgacha Mangʻit paxta tozalash zavodida, 1967-yildan 1996-yilgacha qurilish tashkilotlarida chilangar vazifasida mehnat qildi.
Sobir ota turmush oʻrtogʻi Mavluda momo bilan 2 oʻgʻil va 5 qizni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ayni kunda sobiq jangchi Sobir ota farzandlari, nevara-chevaralari ardogʻida farovon hayot kechirayapti.
Ota bilan suhbatimiz chogʻida u muhtaram Prezidentimizning el-yurt farovonligi va tinchligi yoʻlida jon kuydirayotganidan, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrliklaridan cheksiz minnatdor ekanligini izhor etdi.
Shu kunlarda Sobir ota xonadoniga uning koʻplab mahalladoshlari, qarindosh-tugʻishganlari va doʻst-u yorlari tashrif buyurishib, uni Xotira va qadrlash kuni bayrami bilan muborakbod etmoqdalar.
Sobiq jangchi Sobir ota Nurullayev bugun hammamizning faxrimiz, iftixorimiz. Biz ham uni bayramlari bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.
Allambergan JUMANIYoZOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶