OILA QADRIYaTI – MUQADDAS

Oila – har bir inson uchun aziz va qadrdon goʻsha. Dunyoning eng mashhur shaharlari boʻylab sayohatlardan inson zerikishi mumkin, lekin oʻzining moʻʼjzagina makoni – oilasi bagʻrida hech qachon zerikmaydi. Ana shu makondagina u huzur-halovat topadi, orzular ogʻushada xotirjam yashaydi.
Amudaryo televideniyesi tahririyatining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Odobli bola – er koʻrki” loyihasi doirasida Qipchoq ovulidagi Amudaryo agrobiznes kasb-hunar kollejida ovul faollari boʻlgan oʻqituvchi-murabbiylar hamda oʻquvchi-yoshlar ishtirokida oʻtkazilgan “Oila qadriyati – jamiyat tayanchi” mavzusidagi uchrashuvda oilaning inson hayotida naqadar katta ahamiyat kasb etishi, oila tutumlari va oila qadriyatlari haqida ishtirokchilar tomonidan qiziqarli va foydali fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvda Amudaryo agrobiznes kasb-hunar kolleji direktorining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Allayor Boltaboyev keksa avlod vakillarining oila mustahkamligi, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi mahalliy va milliy mentalitetimizga xos urf-odatlar hamda oilalardagi maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng Amudaryo televideniyesi tahririyatit tomonidan amalga oshirilayotgan “Odobli bola – el koʻrki” loyihasi hamkori, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri Robiya Yoʻldosheva “Oila qadriyati – jamiyat koʻzgusi” mavzusida maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasida namunali oilalarning, nuroniy otaxon va onaxonlarning katta hayot tajribalari asosida yosh oilalarni, ularda voyaga yetayotgan yosh avlodni milliy urf-odat va qadriyatlar, anʼanalarga sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash haqida, shuningdek erta turmush qurish, qarindoshlar nikohining salbiy oqibatlari, shuningdek yoshlarning muomala madaniyati, jamoat joylarida, oilada, toʻy-marosimlarda oʻzini tutishi kiyinish madaniyati xususida batafsil toʻxtalib, oʻz fikrlarini hayotiy misollar orqali ifodalab berdi.
- Hayotga yengil-yelpi qarash koʻplab baxtsizliklarga sabab boʻladi, - dedi faol onaxonlardan Guliston Xolmurodova. – Men hayot sinovlariga dosh berolmay, erta turmush tufayli oʻzini va chaqalogʻini eplay olmay qiynalgan qizlarni koʻp koʻrganman. Hatto oʻz joniga qasd qilishgacha borgan qizlarimizni bilaman. Demak, turmushning bemavrid zarbalariga chidash ilmini bilmay turib turmush qurish – bu oiladek muqaddas tushunchaga hurmatsizlikdir.
-Koʻpincha kelinlarimiz yangi tushgan uyda oʻzi tugʻilib-oʻsgan oilaning tartiblarini oʻrnatishga harakat qilishadi, - Amudaryo agrobiznes kolleji kadrlar boʻlimi boshligʻi Gulora Safarniyozova ham oʻz fikrini bildirdi. – Bu notoʻgʻri. Kelin yangi oila tutumlariga sabr-toqat bilan moslashishi kerak. Agar sabr qilsa, yangi oila tutumlari uning uchun oltin qoidaga aylanadi. Ana shunda oilasi mustahkam zaminga ega boʻladi.
Uchrashuvda Qipchoq ovuli faollaridan Nodira Davlatboyeva, Amudaryo agrobiznes kasb-hunar kolleji oʻquvchi-yoshlaridan Shoiraxon Boltaboyeva va Shahnozaxon Yangiboyevalar ham oila qadriyatlari har bir oila aʼzosi uchun muqaddasligi haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Boʻlib oʻtgan uchrashuvda har bir ishtirokchi oʻzi va oilasi aʼzolari uchun nihoyatda aziz va muqaddas boʻlgan oʻzbekona tutumlar, ota-onalik va farzandlik burchlari, kelinlik, hatto kuyovlik masʼuliyati xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuv yaxshi taassurotlarga, munozaralarga boy, qiziqarli oʻtdi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶