TUMANIMIZ SPORTINING HAQIQIY UMID NIHOLLARI
Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik tufayli eng chekka tumanlarda ham Oʻzbekiston bayrogʻini yuqori koʻtarib, xalqaro musobaqalarda gʻoliblik shohsupasidan joy olayotgan yoshlar juda koʻp.
Tumanimizda ham sohaga qaratilayotgan eʼtibor oʻquvchi-yoshlar erishayotgan yutuqlarda oʻz ifodasini topmoqda. Bunda “Umid nihollari” sport musobaqalarining ahamiyati juda katta.
“Umid nihollari – 2018” sport musobaqalarining bu yilgi hududiy va final bosqichlari 17-30-mart kunlari Toʻrtkoʻl va Nukus shaharlarida qizgʻin va doʻstona vaziyatda oʻtkazildi. Mazkur musobaqalarda tumanimizdagi umumtaʼlim maktablaridan 153 nafar sportchilar, shundan 51 nafari qiz bolalar ishtirok etishdi. Oʻquvchi-yoshlar sportning 16 turi boʻyicha bellashib, oʻz iqtidorlarini namoyon etishdi.
Toʻrtkoʻl shahrida boʻlib oʻtgan hududiy bosqichida tumanimiz futbol jamoasi 3-oʻrinni, voleybol jamoasi 2-oʻrinni, oʻsmir qizlar voleybol jamoasi 3-oʻrinni, oʻgʻil bolalar basketbol jamoasi 1-, qizlar basketbol jamoasi 3-oʻrinlarni, gandbolchi oʻgʻil bolalar 2-oʻrinni, gandbolchi qizlar esa 1-oʻrinni egalladilar.
Musobaqaning final bosqichi yanada hayajonli daqiqalarga boy boʻldi. Unda sportning shaxmat, boks, ogʻir atletika, stol tennisi, yengil atletika, oʻzbek jang sanʼati turlari boʻyicha besh nafar sportchi faxrli 1-oʻrinni egallashgan boʻlsa, ogʻir atletika va stol tennisi boʻyicha ikki nafar, dzyu-do kurashi bellashuvlarida toʻrt nafar sportchi 2-oʻrinni qoʻlga kiritdilar. Shuningdek, boks sporti boʻyicha toʻrt nafar, ogʻir atletikachilardan bir nafar, yengil atletikachilardan bir, oʻzbek jang sanʼati sportidan ikki, belbogʻli kurashda uch, taekvando VTF boʻyicha bellashuvlarda ikki nafar sportchilar faxrli 3-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldilar.
Boʻlib oʻtgan sport musobaqalarida tumanimiz oʻquvchi-yoshlaridan 5 nafar sportchi faxrli 1-oʻrinni, 18 nafari 2-oʻrinni hamda 13 nafari 3-oʻrinni egalladilar.
Tumanimiz oʻquvchi-yoshlarining bunday yuqori natijalarga erishishida Oʻzbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining hududiy boʻlinmasi rahbari Gʻulomjon Qurbonboyevning hissasi katta.
Gʻ.Qurbonboyev oʻquvchi-yoshlarni musobaqaga tayyorlash, umumtaʼlim maktablaridagi sport toʻgaraklari faoliyatini jonlantirish, bu toʻgaraklarga sportga qiziquvchi oʻquvchi-yoshlarning toʻliq qamrab olinishini taʼminlash borasida tizimli ish olib borayotgani bois, maktablarda va maktablararo sport musobaqalarida ishtirok etuvchi bolalar soni tobora ortmoqda. Bu esa yuqoridagi kabi tumanimiz sport sohasining haqiqiy umidli nihollari – yosh, iqtidorli sportchilari yetishib chiqishida muhim omil boʻlmoqda.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶