LITsENZIYaLASh VA RUXSAT BERISh TARTIB-TAOMILLARI YaNADA SODDALAShTIRILDI
11-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari borasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.
Farmonga asosan endilikda 42 turdagi faoliyat uchun litsenziya va ruxsat berish tusidagi hujjatlar talab qilinmaydi, 38 turdagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-taomillari 17 turga birlashtirish yoʻli bilan qisqartirildi. Shuningdek, 25 turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari ichki rasmiylashtirish tartib-taomillarini maqbullashtirish evaziga qisqartirildi. 9 ta turdagi faoliyatni litsenziyalash tartibi litsenziyalash boʻyicha funktsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga topshirish yoʻli bilan soddalashtirilib, 5 turdagi litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish funktsiyalari respublika davlat boshqaruv organlaridan ularning hududiy boshqarmalariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga oʻtkazildi.
Farmonda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi 19 turdagi litsenziyalarni va ruxsat berish tusidagi hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Ushbu Farmonning qabul qilinishi tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratilganidan dalolatdir. Albatta, Prezidentimiz aytganlaridek, mahalliy biznesning raqobatbardoshligini taʼminlash, ishbilarmonlik muhitiga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni tatbiq qilish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish, bu borada byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.
Prezidentimizning mazkur Farmoni bilan litsenziya va ruxsatnoma berish taomillarining qisqartirilayotgani, soddalashtirilayotgani va baʼzi vazifalarning Respublika doirasidagi idoralardan hududiy davlat organlariga oʻtayotgani tadbirkorlar uchun ayni muddao boʻldi.
Shu oʻrinda partiyamiz elektoratining asosini tashkil qiluvchi tadbirkorlar va ishbilarmonlardan, kichik va oʻrta biznes vakillaridan yanada samarali faoliyat yuritib, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, servis va boshqa sohalarda yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishlarini kutib qolamiz. Zero, tadbirkorlik – davlat va jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi kuchdir.
Muqaddas BEKNAZAROVA, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati,
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zLiDeP
tuman Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶