ChET ELDA IShLAShNI XOHLAYSIZMI, UNDA BILIMINGIZNI OShIPING!
Tumanimizdan chet davlatlarga chiqib ishlash niyatida boʻlgan yoshlar uchun qulaylik yaratish maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi tomonidan 3 oylik bepul oʻquv toʻgaraklari oʻz faoliyatini boshladi. Mangʻit iqtisodiyot kollejida tashkil etilgan mazkur oʻquv toʻgaraklarida xorijiy davlatlarning mehnat qonunchiligi boʻyicha puxta bilim olish imkoniyati mavjud. Shuningdek, xorijiy davlatlarda ishlash niyatidagi yoshlar bu yerda rus tili, ingliz tili, maʼnaviy-maʼrifiy va diniy taʼlim, huquqshunoslik, mehnat migratsiyasi toʻgaraklarida malakali mutaxassislardan taʼlim oladilar.
- Hozirgi kunda oʻquv toʻgaraklarimizda 30 nafardan ziyod yoshlar oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olishmoqda, - deydi Yoshlar Ittifoqi Amudaryo tuman Kengashining toʻgaraklar ishi boʻyicha mutaxassisi Mahmudjon Eshmonov. – Yoshlarning oʻzlari borishni niyat qilgan davlatlar qonunchiligi, tili va dini, maʼnaviyati haqidagi bilimlarga ega boʻlishi, albatta, birinchi navbatda ularning odam savdosi va gʻoyaviy xurujlardan himoyalanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsadimiz, qayerda boʻlmasin, tumanimiz yoshlariga har qanday sharoitda yordam berish va ularni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash.
Toʻgaraklarda yoshlar uch oy davomida 72 soatlik oʻquv dasturi asosida tahsil oladilar va oʻqish yakuni boʻyicha ularga Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi tomonidan maxsus sertifikat beriladi.
Shuningdek, yaqin kunlar ichida Yoshlar Ittifoqi tuman Kengashi qoshida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining ham shugʻullanishlari, ayniqsa, xorijiy tillarni oʻrganishlari uchun bepul toʻgaraklar ishi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilib, besh nafar mutaxassis oʻqituvchilar uchun ish oʻrinlari joriy etilishi koʻzda tutilgan.
Pobiya YOʻLDOShEVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶