ORZULARGA INTILIB YaShANG!
Hayotda hamma narsasi bor, kamchiliksiz inson boʻlmaydi. Agar hayotimizda biz istagan hamma narsa mavjud boʻlsa, intilishdan toʻxtaymiz, hamma narsam bor-ku, deb yalqovlashamiz va bu toʻla-toʻkis hayot ham bizga zerikarli boʻla boshlaydi. Shu sabab hayotimizda kamchiliklarning boʻlgani ham yaxshi. Shunda biz orzu qilib, kurashib, mehnat qilib yashaymiz.
Har bir insonning oʻziga yarasha orzulari boʻladi. Kimdir orzulari uchun intiladi, kimdir intilmasdan, xayol qiladi. Orzu qilishning ham oʻziga yarasha zavqi boʻladi. Ammo orzu qilish bilan cheklanib qolmang. Siz qilgan orzu sizning istaklaringiz amali uchun qoʻyiladigan ilk qadam hisoblanadi. Hatto yosh bolalarning ham oʻzlariga xos, begʻubor orzulari boʻladi. Ayniqsa ularning: "tezroq katta boʻlsaydim”, degan gapini juda koʻp eshitamiz. Ana, koʻrdingizmi, hatto shu murgʻak qalb egalari ham orzu qilishadi. Tengdoshim, Siz orzu qilishdan choʻchimang. Aksincha katta orzular qiling, uni amalga oshirishga ishoning va astoydil intiling.
Xalqimizda bir maqol bor: "Izlagan imkon topadi, eringan bahona”. Bu hayotda har birimizning oʻz nasibamiz bor. Ammo bizning yaxshi yoki yomon yashashimizga faqat va faqat oʻzimiz sababchimiz. Koʻpchilik yoshi katta insonlardan: «Aslida men boshqa kasb egasi boʻlishni orzu qilgandim», degan gaplarni eshitamiz. Bundan maʼlum boʻladiki, ularning ham bolaligida oʻz orzulari boʻlgan-u ammo bu orzuning ushalishiga ishonishmagan yoki orzulari sari intilishdan qoʻrqqan. Agar siz ham orzularingizga ishonmasangiz, intilishdan qoʻrqsangiz, kimningdir fikri sabab undan kechsangiz, siz ham armonlaringiz bilan yashaysiz. Siz bugun orzularingiz ushalishidan qoʻrqib intilmasangiz, armonlaringiz soni ortadi. Eng avvalo ishonch, umid va intilish har qanday orzuni roʻyobga chiqaradi. Siz havas bilan qarovchi kasb egalari, mashhur shaxslar ham oʻzlariga ishongan va qoʻrqmasdan tinimsiz mehnat qilgan. Orzu qiling va intiling, izlaning, albatta orzu-niyatlaringizga erishasiz.
Aʼloxon RAJABOVA, Amudaryo akademik litseyi oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶