NAVROʻZ SAYLI
(Chorlov)
Kel, hey, davraga kel, turlandi olam,
Tabiat zoʻr naqqosh – tutdi moʻyqalam.
Kamalak ranglarin ichganda dalam,
Abri nayson undi, undi gul, lolam –
Koʻrdingmi, Vatanga iforin sochib,
Yana Navroʻz keldi quchogʻin ochib!
Anov shudgorlarda ajib harorat,
Har zarra tuproqda ming bir sinoat.
Dillarga baxsh etib fayz-u tarovat,
Hamalga bosh qoʻyib undi ziroat –
Iliq nafaslardan toʻlgʻonib, koʻpchib,
Ona Yer uygʻondi Quyoshni quchib!
Xivchin otga mingan bolakayni koʻr,
Alpomishga mengzar, yurak toʻla qoʻr.
Ismini soʻrsang gar yo Amir Temur,
Yoki Jaloliddin siyoqli yovqur –
Koʻksida yurt ishqi lovullab, tepchib,
Chavandozlar keldi davraga koʻchib!
Jahoniy iforni sezdingmi, oh, oh!
Sumalak saylidan yulduzlar ogoh.
Koʻngillar mayliga oqshomlar panoh,
Muhabbat fasliga oshno koʻkda moh –
Koʻngillar koʻngildan mehri-ob ichib,
Qadrdonlar keldi bir-birin quchib!
Mardlik maydonidir yam-yashil oʻtloq,
Qizib borayotir koʻpkari, uloq.
Sabolar bazmiga tutgancha quloq –
Shamoldan oʻzdi oʻh! Anov argʻumoq –
Oʻzbaki shaʼn, deya oromdan kechib,
Mardi-yorlar keldi toʻshini ochib!
Bunchalar yoqimli oriyat bahsi,
Alplarni chorlagan alplarning bahsi.
Xalqimga joʻmardlik irsiyat asli.
Asl joʻmardlarning halol har lafzi –
Halollik lavhidan ketmaydi oʻchib
Mardlar maydon kirar oʻzidan kechib!
Dalalar tomonda mehnat ayyomi,
Ezgu niyatlarning yoʻqdir poyoni.
Gullamoq faslida yurtning har yoni,
Taʼrifga sigʻmaydi Navroʻz bayoni –
In qurgan ayvoni tomon ichikib,
Qaldirgʻochlar qaytdi uy gʻamin chekib.
Kel, hey, davraga kel, bahor bazmiga,
Xushxonlar kuy bitdi gullar bazmiga.
Samolarni quchgan hislar azmiga,
Ahli shuaroning har bayt – nazmiga –
Oʻzbekiston uzra quchogʻin ochib,
Navroʻz chechaklarin yubordi sochib!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶