YoShLAR ASL MILLIY HUNARIMIZNI OʻRGANIShMOQDA
Asrlar osha ota-bobolarimizdan meros boʻlib kelayotgan shunday hunarlar borki, qancha vaqtlar oʻtsa-da, qadr-qimmati yoʻqolmaydi, xalq orasida urfdan qolmaydi.
Zardoʻzlik, kashtachilik hunari ham shularning biri. Shu boisdan ham 2013-yilda 21-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida zardoʻzlik va kashtachilik sinfi ochilganida hudud aholisi quvonib-quvonib, qizlarini shu hunarni oʻrganish uchun yetaklab kelishdi.
Mazkur sinf oʻquvchilariga kasb-hunar kollejini toʻqimachilik mutaxassisligi boʻyicha tugatgan Xonimjon Ismoilova taʼlim bermoqda. Murabbiy ishni zardoʻzlik, kashtachilik uchun kerakli maxsus asbob-uskuna, jihozlarni olib kelishdan boshladi. Erinmay Samarqand, Buxoro shaharlariga borib, shu hunar ustalaridan tajriba oʻrganib qaytdi va sinf oʻquvchilariga bilganlarini erinmay oʻrgatib kelmoqda. Dars mashgʻulotlari jarayonida har bir kashta yo zardoʻzlik namunalari qanday kiyimlarni bezatishda ishlatilishi, shu hunar orqali oddiy bir kiyimning ulkan eʼtiborga loyiq boʻlishini qunt bilan tushuntiradi. Momolarimiz shu hunar orqali elaro mashhur boʻlganliklarini aytadi.
Sidqidildan qilingan mehnat samarasiz boʻlmaydi. Xonimjon Ismoilovadan hunar oʻrganayotgan qizlar erishayotgan yutuqlar ham talaygina. 2015-yilda Mohira Sobirova qoʻl hunari boʻyicha oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda kashtachilik, zardoʻzlik yoʻnalishida tumanda birinchi, yakuniy – Qoraqalpogʻiston Respublika bosqichida 2-oʻrinni, 2016-yilda esa yana tumanda birinchi oʻrinni olib, keyingi bosqichda ham faol qatnashib keldi.
Sinfxonaga kirgan kishi oʻquvchilar toʻqigan kiyim, buyumlarni, zardoʻzlik, kashtachilik namunalarini koʻrib, koʻzi quvnaydi. Asl milliy hunarimizning jozibasini sidqidildan his qiladi va beixtiyor mana shunday ibratli ishlarni amalga oshirayotgan maktab maʼmuriyatiga, murabbiylariga rahmatlar aytadi.
Oygul Rajabova.
Suratda: X.Ismoilova oʻquvchilari bilan.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶