YuRTIMIZ FAYZI
Bu dunyoda umrguzaronlik qilayotgan har bir odamning oʻz hayotiy falsafasi bor: kimdir oʻtgan kunining qadrini qanday yeb-ichganiga, farovon yashaganiga qarab, kimdir toʻplangan boyligiga qarab, yana kimdir el manfaati yoʻlida qilgan mehnatiga qarab oʻlchaydi.
1935-yilda Xitoy qishlogʻida tugʻilgan, umrining 40 yilida brigada boshligʻi boʻlib ishlab, kuch-gʻayratini dehqonchilik madaniyatini yuksaltirishga, brigada aʼzolarining manfaatlarini himoya qilishga bagʻishlagan, 82 yoshida ham nevara-chevaralarga bosh boʻlib, ularga hayotda toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishdan, yoʻl-yoʻriq berishdan charchamaydigan Ollombergan Mamutov biz yuqorida sanagan toifalarning soʻnggisiga mansub kishilardan.
Otaxonning yoshligi elning turmush ogʻir, qahatchilik yillariga toʻgʻri keldi. Qiyinchiliklarga qaramay, u 2-sonli maktabda oʻqidi, zehni oʻtkir, intiluvchanligi bois, 14 yoshidan paxtachilik brigadasiga tabelchi qilib qoʻyishdi. 10-yil shu kasbda ishlab, tilsiz zamin bagʻridan qishloq xoʻjalik ekinlaridan moʻl hosil olish yoʻllarini oʻrgandi, tajriba toʻpladi. Dehqonchilikning zaxmatli ishlarida kolxozchilarga qayishib, mashaqqatlarini teng yelkalashib ishladi. Shuning uchunmi, uni oʻzi ishlayotgan brigadaga yetakchi qilib tayinlashdi. 40-yil brigada boshqarish mobaynida 14 ta rais bilan ishlashishiga toʻgʻri keldi.
– U paytlardagi dehqonchilik ishlari bilan bugungi dehqonchilikning yer bilan osmoncha farqi bor, – deydi xayolga tolib otaxon. – Brigada aʼzolari tong otgandan shomgacha tinimsiz dalada ishlashardi. Koʻp ishlar faqat qoʻl mehnati bilan bajarilardi. Kolxozchiga faqat ishchi kuchi sifatida qaralar, hatto kasal boʻlsa-da, ishni tashlab ketishga haqqi yoʻq edi. Aks holda "paxta dushmani”ga chiqarilib, qoʻyilardi. Ha, ha, u paytlar paxta qadri odamning qadridan yuksak turar edi.
Oʻsha paxta dalalari oʻrnida hozir gurkiragan bogʻlarni, xalqimiz dasturxonini toʻkin qilayotgan poliz, sabzavot ekinlarini, muhtasham hovli-joylarni koʻrganimda yuragim quvonchdan gupillab ketadi.
OllomberganMamutovning xotiralarini tinglagankishi sobiq ittifoq hukmronligi davri bilan bugungi kunimizning tafovutiniyaqqolroq anglaydi, ozod va obod yurtimizga, inson manfaatlarini ustuvor vazifa qilib qoʻygan davlatimizga mehri ortadi.
Otaxon hozir turmushoʻrtogʻi Xoljon Mamutova bilan bu dunyoda orttirgan ulkan boyligi – 2 oʻgʻil, 3 qizi, nevara-chevaralari qurshovida, keksalik gashtini surib yashamoqda. Keksaygan chogʻida bugungiday dorilomon kunlarga yetganiga tinmay shukrona aytadi, barchani bu kunlarning qadriga yetishga chaqiradi.
Hayoti ham, soʻzlari ham barchamizga ulkan saboq boʻladigan otaxonni yangi yil bilan qutlab, sogʻlik-salomatlik, uzoq umr tiladik. Yurtimizning fayzi, farishtasi boʻlgan keksalarimizning duosi bizga hamisha madadkordir.
Oygul RAJABOVA,
gazetaning maxsus muxbiri.
Suratda: Ollombergan Mamutov turmush oʻrtogʻi Xoljon Mamutova bilan.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶