FUQAROLAR MANFAATI – DAVLAT HIMOYaSIDA
Barchamizga maʼlumki, 2016-yil 12-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan Amnistiya toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Insonparvarlik, bagʻrikenglik va kechirimlilik tamoyillari asosida qabul qilingan ushbu qarorda asosiy eʼtibor amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga asosan asosiy jazodan ozod etiluvchi shaxslar, tayinlangan jazo choralari qisqartiriluvchi shaxslar, ushbu qaror taʼsiriga tushmaydigan shaxslar, amnistiya toʻgʻrisidagi qarorni qoʻllash tartibi va muddatlari toʻgʻrisida, amnistiya toʻgʻrisidagi qarorga asosan jazodan ozod etilgan shaxslarning ijtimoiy koʻnikmalarini tashkillashtirish, ularni ish bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash va boshqa turdagi ijtimoiy himoyani taʼminlash bilan bogʻliq choralarning koʻrilishiga qaratilgan.
Jumladan, ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan mahkumlar, yaʼni ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlatlar fuqarolari hamda Amnistiya toʻgʻrisidagi Qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironlari, shuningdek sil kasalligining faol shakliga chalingan (dispanser hisobidagi 1- va 2-guruh) deb eʼtirof etilgan shaxslar jazodan ozod etiladi.
Lekin, ushbu bandning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va yetkazilgan moddiy zararni toʻliq qoplamagan, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandida nazarda tutilgan, shuningdek oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaxslarga, taʼqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, qarorning 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7- va 8-bandlarida ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan mahkumlarning jazodan ozod etilishi yoki ushbu bandlarning amal qilishi oʻta ogʻir jinoyatni sodir etgan shaxslarga, taʼqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi koʻrsatilgan.
Qarorning 9-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu Qarorning qoʻllanilishi tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishini taʼminlash ustidan bevosita senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etish belgilangan.
Qarorning rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozimligi belgilab oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining "Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan Amnistiya toʻgʻrisida”gi Qarorining ijrosini taʼminlash boʻyicha fuqarolarning huquq va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish biz uchun har doim ustuvor vazifa boʻlib qolmogʻi lozim.
F.ALLAMBERGENOV,
tuman prokurori, adliya maslahatchisi.
(Foto - http://navoiy.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶