INSON MANFAATI USTUVOR BOʻLGAN YuRT
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ertangi kunga ishonch bilan amalga oshirilgan islohotlarimiz, xalqimizning mashaqqatli va fidokorona mehnati natijasi oʻlaroq bugun mamlakatimizni, uning taraqqiyotini jahon hamjamiyati tan olmoqda.
Darhaqiqat, xalqaro miqyosda katta nufuzga ega boʻlgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga koʻra, Oʻzbekiston 2014-2015-yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016-2017-yillarda iqtisodiy oʻsish prognozlari boʻyicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olgani, albatta barchamizni mamnun etdi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida mustaqil tashkilotlar guruhi va xalqaro ekspertlar ishtirokida 2015-yilda 158 ta davlatda "Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” degan mavzuda oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, mamlakatlarning oʻz fuqarolarini baxtli hayot bilan taʼminlash qobiliyatini ifoda etadigan indeks boʻyicha Oʻzbekiston 44-oʻrinni egalladi.
Bundan tashqari, 2015-yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ga aʼzo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida Ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotiga sazovor boʻlgan 14 ta davlatdan biri sifatida eʼtirof etildi.
Hech shubhasiz, dunyo hamjamiyatida katta qiziqish va hayrat uygʻotayotgan bu koʻrsatkichlar, avvalo, mamlakatimiz aholisi, xalqimiz farovonligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz yoshlarining jahon andozalari talablari asosida bilim olishlarini kafolatlaydigan "Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy Dasturining qabul qilinishi kelajagimiz egalari - yoshlarga boʻlgan gʻamxoʻrlikning yorqin namunasidir.
Yurtimizda hukm surayotgan oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot boʻlgan zararli oqim va gʻoyalar taʼsirlaridan, "ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni yangi bosqichga koʻtarishni bugun hayotning oʻzi talab etmoqda.
Shuningdek, farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam boʻlmaydigan insonlar qilib kamol toptirish, avvalo, qiz bolaning taqdiri haqida gʻamxoʻrlik qilish xususida muhtaram Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov har gal fikr yuritganlarida: "Hech shubhasiz, qiz bola sogʻlom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi boʻlsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi boʻlmish bola ham sogʻlom va baxtli boʻladi. Oila sogʻlom va baxtli boʻlsa, butun jamiyat barqaror va farovon boʻladi”, deya taʼkidlar edilar.
Guvohi boʻlib turganimizdek, gʻamxoʻrliklarning har birida inson baxti, uning ertangi xotirjamligi koʻzlangan. Bu baxtdan yurtimizning har bir fuqarosi bahramand boʻlishlari tabiiy. Biz – Oʻzbekiston fuqarolari buyuk davlat tuzgan va uni dunyoga tanitgan Yurtboshimiz ilgari surgan gʻoyalarga qalbimizda yuksak sadoqat ila mamlakatimizni yanada ulugʻ taraqqiyot yoʻllariga olib chiqishimiz, Yurtboshimiz boshlagan keng miqyosli ishlarni sobitqadamlik bilan davom ettirishimiz lozim.
Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi aʼzosi.
(Foto - http://uzbekistonovozi.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶