OILA QURISh BOShQA, OILA BEKASI BOʻLISh BOShQA
Yaqinda bozorda kollejda birga oʻqigan eng yaqin dugonam Shahnozani koʻrib qoldim. Shoʻx-shaddod Shahnozadan asar ham yoʻq, soʻlib qolgan, gʻamgin, hali turmushga chiqqaniga bir-ikki oy boʻlmay, qaynonasi haydab yuboribdi. "Nimaga?”, - deb soʻrasam, dugonam:
- Qaynonam, qoʻlingdan hech ish kelmaydi, turmushga chiqishdan oldin biron-bir hunarni puxta egallab, roʻzgʻor tutishni, non yopishni oʻrgansang boʻlmaydimi, bor, onangnikiga borib, ish oʻrganib kel, dedi, – deydi yigʻlab.
- Axir oʻzing kollejda tikuvchilik yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan boʻlsang, zamonaviy tikuv mashinalarida kiyim tikishni, bichishni yaxshi oʻrgatishgan edi-ku, ustozlarimiz. Biz bilan birga oʻqigan qizlar, hozir koʻrsang, havasing keladi, - dedim unga.
- Qaynonam ham nuqul shunday gaplarni gapiradi, - dedi dugonam yerga qaragancha. – Aslida men qoʻshnimizning chevar qizi Dilafroʻzni kelin qilmoqchi edim. Oʻgʻlim sendan boshqasi kerak emas, degani uchun koʻngliga qarab, seni kelin qilganman. Dilafroʻzning ota-onasi qizimiz hali yosh, turmushga bermaymiz, ishlab, hayotni oʻrgansin, deb turib olishgach, seni olib berdim, - deya yuzimga urganday qilib gapiradi. Nomi chiqqan chevar boʻlsa ham Dilafroʻz oliy oʻquv yurtida oʻqimoqchi ekan. Men esa turmushga chiqsam, hamma narsani oʻrganib olaman, deb juda xato oʻylabman.
Mening esa dugonamga achinishdan boshqa hech narsa qoʻlimdan kelmadi. Kollejda ustozlar taʼlimiga eʼtiborsiz oʻqigan, tikuvchilik sirlarini puxta oʻrganishni oʻylamagan dugonam kollejni bitirib-bitirmay turmushga chiqqani uchun afsusda.
- Endi onamnikida yashab, hunar, roʻzgʻor tutishni oʻrganayapman, - deydi u pushaymoni ichiga sigʻmay.
Ana shunaqa, aziz tengdoshlar. Kollejda nomigagina oʻqib, turmushga oshiqqan bilan biz tajribali yoki katta boʻlib qolmaymiz. Hayot esa oʻta ziyraklik, epchillik va bilimdonlikni, qizlardan esa chevarlikni talab etadi. Oila qurish boshqa, oilaning uddaburon bekasi boʻlish boshqa. Biz qizlar ana shunday uddaburon beka boʻlish uchun intilishimiz kerak.
Chinoroy OʻRINBOYeVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶