ERTA TURMUSh - NOTOʻGʻRI TANLOV
Yurtimizda bolalarning har tomonlama yetuk boʻlib kamolga yetishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Lekin ayrim hollarda oila qurish masalalarida koʻngilsizliklar kelib chiqmoqda. Buning sababi turmush quruvchilarning nikohning asl mohiyatini anglab yetmasligidir.
Alloh taolo, avvalo, inson hayoti iffat va poklik asosida, muhabbat va sevgi, oʻzaro ishonch-hurmat asosida boʻlishi uchun nikohga amr etgan.
Ayrim ota-onalar oʻz qizlarini sogʻligi va ertasini oʻylamay, ularga biror bir kasb-hunar oʻrgatmay, kelajak hayotga tayyorlamay turib turmushga uzatishga intilishmoqda. Natijada erta turmush qurishning hozirgi kunda juda muammoli holatlari yuzaga kelmoqda. Xususan, jismoniy va aqliy kamchiliklar, shu bilan birga maslahatsiz ishlar natijasida shoshilib qurilgan oilalarda ajralishlar koʻplab uchramoqda.
Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, erta turmush qurish, xususan, erta ona boʻlish bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Chunki 16-17 yosh hali oʻsmirlik davri sanalib, bu vaqtda qizlar ruhan hamda jismonan toʻliq rivojlanmaganligi tufayli organizm homiladorlik, tugʻruq va sogʻlom farzandni dunyoga keltirishga toʻlaligicha yetilmagan boʻladi. Natijada, erta farzand koʻrish yosh ona va undan tugʻilajak bola salomatligiga ham maʼlum darajada xavf tugʻdiradi. Shuning uchun qizlarimizni 21-22 yoshdan keyin turmushga berishni, yigitlarga 22-25 yoshlarda uylanishni tavsiya qilishmoqda.
Maʼlumki, oila boshligʻi boʻladigan yigit ilmli yoki hunarli boʻlsagina, oila nafaqasini eplay olsagina roʻzgʻor kam-koʻstini taʼminlaydi, xonadonida yetishmovchiliklar boʻlmay, shirin hayot davom etadi.
Aksar hollarda pul topish qiyinchiliklarini anglab yetmagan yigit turmush oʻrtogʻining ham qadriga yetmaydi, otalik majburiyatlarini his qila olmaydi. Bunday oilalarda voyaga yetgan bolalardan jamiyat qanday naf koʻradi?!
Hali voyaga yetmagan va oilaga tayyor boʻlmagan qizlardan ham kelajakda shunday hollarni kuzatmaslikka kim kafolat bera oladi?! Ular hayot sinovlari oldida ojiz boʻlib qolishadi, roʻzgʻor kamchiliklari esa kun kelib, oʻrtaga sovuqchilik tushishiga sabab boʻladi. Natijada yoshgina kelin asabiy, jizzaki boʻlib qoladi. Asabning buzilishi koʻplab kasalliklarni keltirib chiqarishi tabiiy.
Shunday ekan, farzandlarimizni erta turmush qurishdan asrashimiz, ularni kelajak hayotga tayyorlashimiz, oiladagi munosabatlarni yaxshilab tushuntirishimiz lozim boʻladi. Shunda farzandlarimizning nikohi yanada mustahkam va uzoq davom etadi.
Oʻktam QURBONIYoZOV,
"Noʻgʻoy eshon" jomeʼ masjidi imom-xatibi.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶