Ilgʻor terimchilar ragʻbatlantirildi
Ayni paytda jannatmonand diyorimizda qut-baraka fasli, pishiqchilik mavsumi. Boshqacha aytganda, gʻalvirni suvdan koʻtaradigan palla. Dehqonlarimiz yil davomida qilgan mehnatining samarasini yigʻib, daromadlarini sarhisob qilmoqda. Yurtimiz dalalarida paxta yigʻim-terimi qizgʻin davom etmoqda. Hosilning har bir tolasini ehtiyotlab, nest-nobud qilmay terib olish ularni yanada masʼuliyat bilan ishlashga undayotir. El xizmatiga kamarbasta, yurt farovonligi yoʻlida chinakam fidoyilik namunasini koʻrsatishga qodir paxtakorlar doimiy ravishda moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib kelinmoqda. Ana shunday azmu shijoatli, mehnatkash dehqonlari bor el esa aslo kam boʻlmaydi.
Ularning fidoyiligi natijasida amudaryolik paxtakorlar joriy yilda har yilgi anʼanaga sodiq qolgan holda joriy yilda ham davlatga paxta sotish rejasini mamlakatimizda birinchilardan boʻlib ado etdilar.
Bunyod etilgan 40 ming tonnadan ortiq ulkan paxta xirmoni tumanimiz meh-natkashlarining mustahkam ogʻzibirchiligi, hamjihatligi, ezgu maqsad yoʻlida birdamligi samarasi, desak xato boʻlmaydi. Chunki yigʻim-terim mavsumida har bir korxona, tashkilot muassasa xodimlari paxtakorlarga yelkadosh boʻlishdi. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari, umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari umumxalq harakatiga aylangan paxta terimida gʻayrat-shijoat koʻrsatishdi.
Yaqinda tumanimiz hokimi Sultonboy Yoʻldoshev yigʻim-terimda faol qatnashib, eng koʻp paxta tergan xodimlarini sovgʻalar bilan taqdirladi.
Darhaqiqat, yurtimizda dehqon mehnatini qadrlash va ragʻbatlantirish, yerga, mulkka nisbatan chinakam egalik va manfaatdorlik hissini qaror toptirish yoʻlida izchil amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida dehqon jamiyatimizda munosib mavqega ega boʻldi. Uning yerga, mehnatga, hayotga munosabati oʻzgardi. Oʻz dalasi, yerining nafasini sezadigan, shuning barobarida, unga meʼyorida suv tarab, oʻgʻit beradigan boʻldi. Bugungi fermer omilkor. Kam xarajat qilib, koʻp daromad olishga intiladi. Davlatimiz tomonidan fermerlik harakati rivoji yoʻlida qator imtiyozlar yaratilgani, fermer xoʻjaliklari maydonlarini optimallashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ertapishar va serhosil navlar yaratish, gʻoʻza navlarini har bir hududning tuproq va iqlim sharoitiga, suv bilan taʼminlanish darajasiga qarab joylashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilgani, yangi texnika, mineral oʻgʻitlar, sifatli urugʻlik, yoqilgʻi-moylash materiallarining fermer xoʻjaliklariga oʻz vaqtida yetkazib berilgani ham paxtachilik sohasida erishilayotgan yuksak marralarning muhim omillaridandir.
Paxta yigʻim-terimida faol ishtirok etayotgan hasharchi va pudratchilarni ragʻbatlantirishga bagʻishlangan tadbirlar esa davom etmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶