OʻQITUVChI OʻQIB, OʻRGANIShDAN TOʻXTAMASLIGI KERAK
Bizning kasbimiz sharafli va ayni vaqtda oʻta masʼuliyatli hamdir. Chunki oʻqituvchilar kelajak egalarini tarbiyalab, taʼlim berib, voyaga yetkazadilar.
Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, avvalo oʻqituvchining oʻzi har kuni tinimsiz oʻqib-oʻrganib, bilimini boyitib, salohiyatini yuksaltirib borishi va bolalarga bugungi kun talabi darajasida taʼlim-tarbiya bera olishi juda muhim.
"Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovining ishtirokchisi sifatida eʼtirof etmoqchimanki, bu yilgi tanlov avvalgi yillardagidan ancha farq qildi. Birinchi bosqichda oʻqituvchining uslubiy mahorati va bir soatlik ochiq darsi baholandi. Ikkinchi bosqichda innovatsion pedagogik loyiha asosida "Men oʻqituvchiman” shiori ostida muhim uslubiy muammolarni hal etishga qaratilgan taqdimotlar hakamlar hayʼati tomonidan baholandi. Shuningdek, keyingi bosqichlarda "Mening pedagogik tajribam” mavzusida har bir ishtirokchi oʻzining bolalarga taʼlim-tarbiya berish jarayonidagi oʻziga xos tajribalariga oid matn yozdi va 20 daqiqalik oʻz faniga oid toʻgarak mashgʻulotini oʻtdi. "Internet – axborot manbai” deb nomlangan oxirgi bosqichda ishtirokchilarning maktab saytiga joylashtirilgan birinchi, ikkinchi bosqichdagi ishlari baholandi.
Men mazkur tanlovning tuman, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, mamlakat miqyosidagi bosqichida qatnashib, garchi faxrli oʻrin ololmagan boʻlsam ham, taassurotlarim cheksiz. Avvalo shuni aytishim lozimki, mazkur tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etgan 14 nafar ishtirokchilarning hammasi tajribali, oʻz kasbining bilimdoni boʻlgan ilgʻor oʻqituvchilar edilar. Menda ularning har biri oʻziga xos taassurotlar qoldirdi. Ayniqsa, Navoiy viloyati vakilining ochiq darsda xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yuksak mahorat bilan doirada oʻzi kuy chalib ijro etganini koʻrib, juda havasim keldi. Shu asnoda hali oʻzimning juda koʻp oʻrganib, oʻz ustimda ishlashim lozimligini his qildim. Biz – ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari zimmasida bugun har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli yigit-qizlarni tarbiyalab, voyaga yetkazishdek ulkan masʼuliyatlar borligini barcha hamkasblarimga taʼkidlagim keladi. Chunki ilm oʻrganish - avvalo ona tilimizni oʻrganishdan boshlanadi.
Nargiza MATLATIPOVA,
15-sonli maktab oʻqituvchisi.
(Foto - http://turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶