BIZNI KELAJAK KUTMOQDA
Bolalik bilan xayrlashib, oʻsmirlikka qadam qoʻyayotgan aziz dugonajonlar!
Bu vaqtda, tan olaylik, ancha oʻzgarib qolamiz, oʻzimizni katta yoshli qizlardek his qila boshlaymiz. Bu xislat ayniqsa maktab bitiruvchilari va litsey, kollej oʻquvchi-qizlariga xos boʻladi. Tan olaylik, dugonajonlar, 9-sinfda ayrimlarimiz butkul oʻqishni tashlaymiz. Xayolimizni kitob oʻrniga telefon, internet egallab oladi.
Ertalab oynaga soatlab tikilamiz, xonamizni turli pardoz buyumlari egallab oladi. Dugonalar suhbati ham oʻzgaradi. Xayolimizda algebra, biologiya, ona tili, kimyo fanlaridagi mavzular emas, balki chiroyli yigitlar jonlanadi. Goʻyoki ettinchi osmonlarda uchayotgandek his qilamiz oʻzimizni.
Aytishlaricha, qush uchaversa quyoshga etish ehtimoli bor ekan, lekin u quyoshga etay - etay deganida qanotlari kuyarkan. Oqibatda esa qanchalik tez koʻtarilgan boʻlsa, undan - da tezroq qulashi mumkin. Biz shahzoda deb bilgan yigitlar ham quyosh. Xuddi quyoshga oʻxshab qanotlarimizni kuydirishi mumkin. Qanchalik tez yaqinlashsak, shunchalik tez kuyib, chohga shunchalik tez va azobli qulaymiz. Faqat va faqat javobsiz savollar va pushaymonlar xotima yasaydi.
Aziz dugonajonlar! Hayot insonga bir marta beriladi. Baʼzilar bu fikrga:
"Ha, albatta oʻynab - kuladigan, hayotdan zavqlanadigan vaqtim” - deyishi mumkin. Ammo bundaylar qattiq adashadi. Hayotning har daqiqasini qadrlab, ilm olishga, hunar oʻrganishga sarflashimiz kerak, ertaga singillarimizga ibrat boʻla olishimiz zarur.
Shuni unutmaylikki, biz avvalo oʻzbek qizlarimiz. Millatimizning hech bir xalqnikiga oʻxshamaydigan betakror milliy liboslari, anʼana va qadriyatlari, oʻzimizga xos va mos oʻzbekona xulq-atvor va feʼlimiz bor. Ana shu maʼnaviyat bizni jahonga tanitadi, aziz dugonajonlar. Bizni boʻlmagʻur xayollar emas, kelajak kutmoqda!
Shahnoza SOBIROVA,
Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.
(Foto - http://uz24.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶